Samarqand sovrin jamg‘armasi 855 ming dollarlik FIDE turnirlariga mezbonlik qiladi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 3−15-sentyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Grand Swiss va Women’s Grand Swiss turnirlarida ishtirok etadigan o‘yinchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
«Katta shveysarlar» turnirlarida 172 nafar shaxmatchi qatnashadi: 116 nafari — ochiq turnirda va 56 nafari — ayollar turnirida. Umumiy sovrin jamg‘armasi — 855 000 AQSh dollari: shundan 625 000 dollar — ochiq chempionatga (2023-yilda 460 000 dollar edi), 230 000 dollar — ayollar turniriga (2023-yilda 140 000 dollar edi).
Ochiq turnirda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, ayollar o‘rtasida esa Gulruhbegim Tohirjonova g‘oliblik uchun dona suradi.
Har ikki yo‘nalish bo‘yicha ikki nafar eng yaxshi o‘yinchi jahon chempioni nomiga da’vogar aniqlanadigan 2026 yilgi turnirda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
«O‘zbekistonning shaxmatni rivojlantirishga intilishi ibratli, Samarqand esa ushbu nufuzli musobaqani o‘tkazish uchun ideal joy. FIDEning «Katta shveysarlar» va ayollar o‘rtasida «Katta shveysarlar» musobaqalari FIDE taqvimidagi muhim voqealarga aylandi va biz yana bir bor jahon miqyosidagi turnirni o‘tkazish uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilayotganimizdan faxrlanamiz», — dedi FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich.
Turnir har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi. Birinchi marta 2019 yilda Men orolida o‘tkazilgan. 2023-yilgi Grand Swiss ochiq turnirida Vidit Gujarati, ayollar turnirida Vayshali Rameshbabu g‘alaba qozongan.
Ma’lumot uchun: 2023-yilda Samarqand shaxmatning rapid va blits bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. 2023-yilgi FIDE Grand Swiss musobaqasida 3 nafar o‘zbekistonlik top-15 ga kirgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter