Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

So‘xliklar OTMga tojik tilida imtihon topshiradi va tumanga Farg‘onadan havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

So‘xliklar OTMga tojik tilida imtihon topshiradi va tumanga Farg‘onadan havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

Xabar berganimizdek, kecha O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov rahbarligida So‘x tumani hokimligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda yurtimizdagi yagona anklav hududni tez fursatda eng obod maskanga aylantirish, tumanni har tomonlama rivojlantirish davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan muhim vazifalardan biri ekanligini ma’lum qilindi.

Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan tumanga tashrif buyurgan turli vazirliklar o‘z sohalari bo‘yicha ikki kun davomida mavjud muammolarni o‘rganib, uni to‘laligicha bartaraf etish uchun manzilli dastur loyihasi ishlab chiqildi. Bu esa joriy yil davomida olis So‘xda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berishidan dalolat.

O‘z navbatida So‘x — Rishton yo‘li va boshqa mavjud muammolarni bartaraf etish maqsadida takliflar bildirildi.

Hududda investitsiya sohasida joriy yil davomida qiymati 101 mlrd. so‘m bo‘lgan 73 loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 4,5 ming yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda. Banklar ko‘magida 82 loyiha amalga oshirilib, buning uchun birgina So‘x tumani uchun 153 mlrd. so‘m kredit yo‘naltiriladi.

Yig‘ilish davomida so‘xlik tadbirkorning sement zavodi qurish bo‘yicha tayyorlagan loyihasi ham qo‘llab quvvatlandi. Ushbu taklifni amalga oshirish uchun tegishli vazirliklarga topshiriqlar berildi. Oltita mahalla fuqarolar yig‘inlarida kichik sanoat hududlari tashkil etilishi belgilab olindi. 3 ta dam olish maskani yaratiladigan bo‘ldi. Zero, So‘xning tabiati maftunkor va betakror.

Tumandagi markaziy shifoxona hamda qishloq vrachlik punktlari zamonaviy qiyofada ta’mirlanib, zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlanadi. Tumanda oliy ma’lumotli kadrlar yetishmovchiligi inobatga olindi.Davlatimiz rahbari tomonidan so‘xlik yoshlarning oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinishi uchun 500 ta kvota ajratiladigan bo‘ldi. Yaqin kelajakda ta’lim sohasidagi muammolar ham to‘liq bartaraf etilib, yangi maktab va qo‘shimcha binolar qurilishi rejalashtirildi. Endilikda, so‘xlik yoshlar oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinayotganida o‘z ona tillari – tojik tilida imtihon topshirishlarini ham yig‘ilishda ma’lum qilindi.

So‘xda yillar davomida o‘z yechimini topmayotgan yana bir asosiy muammo — ichimlik va ekinlarni sug‘orishda ishlatiladigan obi hayot masalasi o‘rtaga tashlandi. Suv xo‘jaligi vazirining ma’lumotlariga ko‘ra, tumanda suv zaxirasi yetarli, ammo asosiy muammo uning yetkazib berilishida. Tez fursatlarda bu masala ham o‘z yechimini topadi.

Simodon, Kasminon, Hushyor, Malbud va Vargan hududlarida ikki oy davomida tik quduqlar o‘rnatilib, bo‘sh turgan yerlar o‘zlashtiriladi. Tumandagi eski aerodromni qayta ta’mirlab, viloyat markaziga havo yo‘llari orqali borib kelishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham davlatimiz rahbarining e’tiborida.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tumandagi barcha muammolarni bartaraf etish uchun Prezident qarorining loyihasi tayyorlanmoqda va mazkur qaror loyihasi bo‘yicha tumanning iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan rivojlantirish uchun 1 trln. so‘mga yaqin mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

So‘x tumani hokimligi Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring