Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Soxta «antikorrupsiya xodimi» qamaldi

Soxta «antikorrupsiya xodimi» qamaldi

«Facebook» tarmog‘ida Murod Mo‘minov profili ostida o‘zini barchaga Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, aldov yo‘li bilan noqonuniy daromad qilayotgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

Qayd etilishicha, mazkur shaxsga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan sud jarayoni o‘z yakuniga yetgan. 

Aniqlanishicha, ushbu shaxs o‘zganing mulkini aldash yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida dastlab 2019 yil avgust oyida fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, bankdan 1.5 mlrd AQSh dollarlik kredit olish evaziga katta biznes boshlamoqchi ekanligi va  bu biznesida uni o‘ziga ish boshqaruvchi sifatida ishga olishini va’da berib, kreditning birinchi to‘lovi uchun undan 110 mln so‘m miqdorida qarz so‘raydi.

2020 yil 22 yanvar kuni  notarial tartibda  tuzilgan o‘zaro qarz shartnomasida M.Mo‘minov ushbu mablag‘ni 2020 yil 23 avgust kuniga qaytarishni, aks holda o‘zi boshqarib yurgan «Captiva» rusumli avtomashinani D.S.ning nomiga rasmiylashtirib berishni qayd etadi. Shunga qaramay, M.Mo‘minov va’dasini bajarmay, pullarni o‘z shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi va  mashina ham aslida o‘zganing nomida ekanligi ma’lum bo‘ladi.

2019 yilning oktyabr oyida M.Mo‘minov o‘zining jinoiy harakatlarini yana davom ettirib, firibgarlikka takroran qo‘l uradi. Bu gal u fuqaro N.S.ga o‘zini Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xodimi sifatida tanishtirib, avtomashina va uy olib berishni va’da qilib, undan 11.000 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritadi.

Ma’lum bo‘lishicha, M.Mo‘minov Agentlik tomonidan o‘tkazilgan rasmiy tadbirlarda boshqa fuqarolar qatorida ishtirok etib, ushbu tadbirlar yuzasidan Internet tarmog‘ida berib borilayotgan foto-video lavhalarni o‘ziga saqlab olgan. Mazkur ma’lumotlarni atrofidagilarga ko‘rsatish orqali o‘zini Agentlik xodimi ekanligiga ishontirishga harakat qilib kelgan. Shuningdek, u Facebook ijtimoiy tarmog‘ida profil ochib, o‘zining Agentlikdagi ish faoliyati to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlarni joylashtirib kelgan.

Bunday firibgarlikdan jabrlangan fuqaro N.S. M.Mo‘minovga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab, Agentlik direktori nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Holat yuzasidan Yakkasaroy tumani ichki ishlar idorasi tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi.

Sud hukmiga ko‘ra, M.Mo‘minov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «a,b»-bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud qarorida M.Mo‘minovdan jabrlanuvchi D.S.ning foydasiga 110 mln so‘m, N.Sning foydasiga esa 130 mln so‘m undirilishi belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring