Sportchi Elbek Rahimovning o‘limi tafsilotlari ochiqlandi
Kuni kecha Qarshi shahrida sport ustasi E. Rahimov o‘ldirib ketilganligi haqida berilgandi.
Qashqadaryo viloyati IIB xabariga ko‘ra, 17 avgust kuni soat 10:00 larda Qarshi shahrida yashovchi E.R.ni ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turib, u ko‘chaga chiqqanidan keyin yetti nafar sovuq qurollar bilan qurollangan shaxslar uni bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazib, «Jentra» avtomashinasiga majburan mindirishib, Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga olib borib tashlab ketishgan.
Natijada E.R. ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.
Jinoyatni «issiq izlar»da fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning o‘zida jinoyatga aloqador Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. ushlangan.
Holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan Z.B. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l,p» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ushbu olti kishi gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi hamda himoyachi bilan ta’minlanib, JPKning 221-moddasi tartibida ushlandi.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter