«Sputnik Ozarboyjon»da ishlagan Rossiya FSBning ikki xodimi qo‘lga olindi — Ozarboyjon Tergov qo‘mitasi

«Sputnik Ozarboyjon» agentligi («Rossiya segodnya» xalqaro axborot agentligining Boku bo‘limi) ofisida politsiya tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida qo‘lga olinganlar bor.
«APA»ning yozishicha, mamlakat IIV tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu agentlikda ishlagan Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining (FSB) ikki xodimi qo‘lga olingan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning fevral oyida Ozarbayjonda Rossiyaning «Rossiya segodnya» xalqaro axborot agentligining filiali sifatida faoliyat yurituvchi «Sputnik Ozarboyjon» agentligi faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.
Ushbu qaror Ozarbayjon davlat ommaviy axborot vositalarining xorijdagi va mamlakatdagi xorijiy jurnalistlar faoliyatida tenglikni ta’minlash maqsadida qabul qilingani ma’lum qilingan.
Ya’ni, «Sputnik Ozarboyjon»ning Bokuda ishlayotgan jurnalistlari soni AZERTACning Rossiyadagi jurnalistlari soniga teng bo‘lishi kerak.
Biroq, shunga qaramay, agentlik o‘z faoliyatini 40 nafar xodim bilan davom ettirib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Ozarboyjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar 27-iyun kuni Yekaterinburgda ozarboyjon millatiga mansub 50 dan ortiq shaxs qo‘lga olinganidan so‘ng keskinlashdi. Qo‘lga olish chog‘ida kamida ikki kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan. Boku bu ish bo‘yicha aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qildi, Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisiga norozilik notasi topshirdi.
«Ozarboyjonliklar yashovchi uylarga uyushtirilgan reyd oqibatida yurtdoshlarimiz halok bo‘lgani, ayrimlarining og‘ir tan jarohati olgani, 9 kishi hibsga olingani munosabati bilan chuqur tashvish bildiramiz. Biz Rossiyadan ushbu ish bo‘yicha zudlik bilan tergov o‘tkazishni va mazkur nomaqbul zo‘ravonlik uchun aybdorlarni imkon qadar tezroq javobgarlikka tortishini kutamiz», — deyiladi Ozarboyjon TIV bayonotida.
Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova esa qo‘lga olinganlar Rossiya fuqarolari ekanini bildirgan.
Manba: en.apa.az
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter