Stalin haqida ikki og‘iz so‘z: marshal Jukov qanday omon qolgandi?

Bu va boshqa ba’zi ma’lumotlar otam hayotligida e’lon qilinmagandi. Otam bu materiallarni vaqt-soati yetgunga qadar hech kim bilmasligi uchun (eng yaqin kishilardan tashqari) stol g‘aladoni uchun, aniqrog‘i, «po‘lat sandiq» uchun yozgandi. Tarix hamma narsani joy-joyiga qo‘yishga uning ishonchi komil edi. Ana o‘shanda hammasi kerak bo‘lib qoladi, deb yozgandi.
Keksa avlod kishilaridan Stalin va uning xalq oldidagi jinoyatlari haqida chiqarilayotgan hozirgi materiallar – bu nosog‘lom kishilarning to‘qimasi, degan gaplarni tez-tez eshitishga to‘g‘ri kelmoqda. Mana, Stalinni yaxshi bilgan va urush vaqtida u bilan yonma-yon ishlagan Jukov o‘z xotiralarida butunlay boshqa narsalarni yozgan-ku, deyishadi. Lekin ular asar qaysi yillarda yozilganligini, nazardan qolgan marshal qanday ahvolda bo‘lganini e’tiborga olmaydilar.
Otamning kitobiga mamlakatning o‘sha vaqtdagi rahbarlarining qarashiga u yoki bu darajada to‘g‘ri kelgan narsalargina kirishi mumkin edi. O‘sha yillarda L.I.Brejnev o‘z shaxsiga sig‘inishni har qanday yo‘llar bilan rag‘batlantirar, Stalin shaxsiga sig‘inish, uning ko‘rinishlari haqida lom-mim deyilmasdi. Georgiy Konstantinovichning kitobidagi ba’zi ma’lumotlar, shu jumladan, armiyadagi repressiyalar haqidagi bob qariyb to‘laligicha olib tashlangandi.
Mazkur bob APN nashriyoti tomonidan tayyorlanayotgan «Xotiralar va o‘ylar» nomli bo‘lajak nashriga kiradi.
Taxminan 1970–1971 yillar edi shekilli, otam bilan televizor oldida o‘tirib, L.I.Brejnev nutq so‘zlayotgan tantanali majlisni ko‘rgandik. Uning sha’niga navbatdagi gulduros qarsaklardan keyin to‘satdan: «Ota, bu nimasi, yana shaxsga sig‘inishmi?» deb so‘rab qoldim. Otam qandaydir bir ma’yuslik bilan jilmayib javob berdi: «Lekin hozir bu boshqacharoq aytiladi». Va buni «tengi yo‘q avtoritet» deb atadi.
«Badiiy ijodiyotda eng muhimi haqiqatni yozish yoki butunlay yozmaslik» – otamning qoidasi ana shunday edi. Lekin uning xotiralar kitobiga, agar shunday deyish joiz bo‘lsa, polkovnik Brejnev to‘g‘risida «begona» satrlar kirib qolganda bir marta shu qoidaga amal qilmagandi. Chunki otam urush vaqtida uning haqida hech narsa bilmasdi. Yuqoridan ana shu satrlarni kitobga kiritish taklif etilaverganda otam bir necha tunlarni bedor o‘tkazdi, hadeb o‘ylayverib, boshiga qattiq og‘riq kirdi (otam o‘sha vaqtda juda kasal edi). Shunda onam – Galina Aleksandrovna, birinchidan, bo‘lajak kitobxonlar bu satrlarni sen yozganligingga ishonishmaydi, ikkinchidan, agar sen murosa qilmasang, kitob umuman chiqmaydi, deb otamni ko‘ndirdi. Otam ham kitobining chiqishini orziqib kutardi. O‘zining ko‘p yillik mehnat hosilasini ko‘rmay, olamdan ko‘z yumishidan qo‘rqardi.
Hozir oradan 20 yil o‘tdi. O‘quvchilarga taklif etilayotgan material bo‘lajak maqolaning xomaki variantimi yoki u boshqa biron narsaga bag‘ishlanganmi, buni aytish qiyin. Georgiy Konstantinovich kelajakda Stalin haqida batafsil hikoya qilib berishni niyat qilib, «Stalin haqida ikki og‘iz so‘z» deb nom qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Buvim Klavdiya Yevgeneva mashinkada yozib bergan bu bir necha sahifa (buvim otamning hamma yozganlarini mashinkada yozib berar edi) F.Raskolnikovning Stalinga yozgan va hech kim bilmasligi uchun po‘lat sandiqqa yashirilgan xati bilan birgalikda saqlanardi. (F.Raskolnikovning Stalinga xati o‘sha yillarda bamisoli bomba edi). Otam olamdan o‘tgandan keyin, dafn marosimi o‘tib bo‘lishi bilanoq bizning chorbog‘imizga, shuningdek, uyimizga katta idoradan komissiya kelib, G.K.Jukovning arxivini olib ketishga oshiqdi. Agar bu va boshqa materiallar o‘sha vaqtda olib ketilganda, balkim ular haqida hech kim bilmas va bizning tariximiz juda muhim guvohnomadan bebahra qolgan bo‘lar edi.
Ba’zi gazetxonlar bu materialning chin ekanligini bilib ajablanishlarini, ba’zilari xafa bo‘lishlarini ham bilaman. Lekin otamning irodasi shunday edi – u tarix uchun nima qoldirgan bo‘lsa, hammasi mavridi kelib e’lon qilinishi kerak. Men otamning shu vasiyatini bajo keltiryapman.
Gazetxonga havola etilayotgan mazkur material, shuningdek, boshqa ba’zi materiallar (ish yuzasidan va shaxsiy o‘zaro xatlar, yon daftar yozuvlari, mening xotiralarim va hokazolar) hozir men tayyorlayotgan «Jukov – mening otam» degan kitobga kiradi. Otam Kuprinning qizi yozgan «Kuprin – mening otam» kitobini o‘qiyotib, menga ham yozayotgan asarimga shunday nom berishni maslahat bergan edi.
Mariya Jukova, G.K.Jukovning qizi.
Marshal G.Jukov xotiralari
Men Stalin bilan 1940 yilga qadar shaxsan uchrashgan emasman. U haqida matbuotdan, o‘zi bilan muloqotda bo‘lishga to‘g‘ri kelgan kishilarning gaplaridan bilganman.
Tarixning chinakam ijodkori xalqdir, deb ta’lim beradigan markscha-lenincha qoidaga amal qilmagan Stalin 30-yillarning boshlaridayoq partiya Markaziy Qo‘mitasi bilan unchalik hisoblashmay qo‘ydi. O‘ziga itoatkor ijrochilarni Siyosiy byuroga to‘plab, o‘zining butun faoliyatida Siyosiy byuro va Markaziy Komitet kotibiyatiga suyanib ish ko‘radigan bo‘ldi va bu boobro‘ organlarining boshiga o‘zi chiqib, diktator bo‘lib oldi. Itoatkorlar Stalinning hamma ko‘rsatmalarini so‘zsiz qabul qilib, uni partiya va xalqning buyuk dohiysi darajasiga olib chiqdilar, bu yo‘lda ko‘p hollarda V.I.Leninning nomini tushirib qoldirdilar.
So‘nggi yillarda dahshatli tus olgan shaxsga sig‘inish shu tariqa boshlab berildi.
Erkatoylik shunday bunyod etildi, unga sig‘inuvchilar urug‘i shu tariqa ko‘paya boshladi. Bu borada ayniqsa Beriya, Voroshilov, Malenkov, Molotov, Kaganovich, Jdanov, Bulganin, Shkiryatov va boshqalar o‘rnak bo‘lishdi.
Men bu o‘rinda respublika, o‘lka va oblast tashkilotlari rahbarlarining ism-shariflarini eslab o‘tirmayman. Ular shundoq ham joylarda Stalinni ko‘klarga ko‘tarib maqtar edilar.
Biron darajada Stalinga sig‘inishga qarshi chiqqanlarni tezda yo‘ldan olib tashlanar edi.
Partiya va xalq uchun 1937–1939 yillar, ayniqsa, og‘ir davr bo‘ldi. Bu vaqtda qo‘rquv avj olganligi va partiya Markaziy Komitetining Siyosiy byurosida partiyaviy sezgirlik bo‘lmaganligi oqibatida, Stalinning aybi bilan partiyaning, Qurolli Kuchlarning ko‘zga ko‘ringan minglab xodimlari – Vatanga sadoqatli vatanparvarlar va mamlakatning talantli rahbarlari xor qilindi.
Albatta, Stalinning ko‘rsatmasiga ko‘ra, hech bir aybsiz minglab kishilar badnom qilinganligi, ularning bolalari va oila a’zolarining hayoti lat yeganligi uchun uni kechirib bo‘lmaydi. Lekin faqat Stalinning bir o‘zinigina ayblash adolatdan bo‘lmas. U bilan birga Siyosiy byuroning o‘sha vaqtdagi boshqa a’zolari ham javob berishlari kerak. Chunki ular butun antipartiyaviy, ayniqsa mamlakatimizning hamma burchaklarida NKVD organlari tomonidan avj oldirilgan tartibsizliklardan xabardor edilar.
1957 yilda KPSS Markaziy Komitetining iyun Plenumida Molotov, Kaganovich, Malenkov va boshqalarning faoliyati muhokama qilinayotganda men Yejov va NKVDning boshqa xodimlari tomonidan Stalinga berilgan ro‘yxatning bir qismini o‘qib bergan edim. Ro‘yxatga kiritilgan shaxslar Stalin, Molotov, Voroshilov va Kaganovich tomonidan hech bir sud qilinmay otishga hukm qilingan edi.
Go‘yoki katta harbiy-siyosiy isyon tayyorlanyapti, degan mish-mishlardan o‘takasi yorilgan Stalin va, shuningdek, qamoqqa olinganlarning birontasi bilan gaplashib ko‘rishni, ulardan qanday qilib «dushmanlik» yuz berganini so‘rab bilishni o‘zlariga ep ko‘rmadilar. Maxluqona qo‘rquv, uchiga chiqqan shubhalar, Stalinning sotsializm qurilishi davrida sinfiy kurash muqarrar ravishda kuchayadi, degan gapi qora niyatni amalga oshirib bo‘lgan edi. Chet el razvedkasi davlat xavfsizligi organlariga suqilib kirib olganida, u o‘zining agenturasi orqali bizning kishilarning go‘yoki antisovet faoliyati haqida to‘qib chiqargan xabarlar yetkazib turganda ahvol, ayniqsa og‘irlashdi va bu bilan Vatanimizga, mamlakat mudofaasiga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazildi.
Men Stalinni 1941–1946 yillar davrida, Bosh shtab boshlig‘i, frontlarning qo‘mondoni, Oliy Bosh qo‘mondon o‘rinbosari, Germaniyadagi okkupatsiya qo‘shinlari Bosh qo‘mondoni va Germaniyadagi Oliy boshliq bo‘lib ishlagan kezlarimda yaqindan tanidim.
Men Stalinni sinchiklab o‘rganishga harakat qildim, lekin uni tushunib yetish juda qiyin edi. Stalin kam gapirar va fikrlarini qisqagina qilib tushuntirardi.
Mening nazarimda xalq va uning mehnat faoliyati bilan, uning hayot sharoitlari, o‘y-fikrlari va ichki kechinmalari bilan yaqindan bog‘liq bo‘lmagan Stalin xalqning hayotidan Siyosiy byuro va kotibiyat a’zolarining ma’ruzalariga qarab ogoh bo‘lardi. Lekin Stalinga masalalar, odatda, bo‘yab-bejab yetkazilganidan keyin, tabiiyki, u mamlakatdagi, xalq hayotidagi haqiqiy ahvoldan voqif bo‘lolmasdi.
Shunday bo‘lsa-da, Stalinga insof bilan baho berish kerak. U, odatda, shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilmasdi. Masalalar Gosplanga yoki Siyosiy byuro a’zolaridan biri boshchilik qiladigan vakolatli komissiyaga sinchiklab ko‘rib chiqish uchun topshirilardi.
* * *
...Operatsiyalarni tashkil etishda o‘zining ojizligini sezib, shuningdek, mamlakatning janubida katta muvaffaqiyatsizliklar yuz bergani ta’sirida 1942 yilda Stalin menga Oliy Bosh qo‘mondon o‘rinbosari vazifasini taklif etdi.
Men o‘zimning fe’l-atvorimni, birgalikda ishlashimiz qiyin bo‘lishini aytib, avvaliga rad javobini berdim. Lekin Stalin bunday dedi: «Vaziyat mamlakatga katta xavf solyapti. Vatanni dushmandan har qanday vositalar bilan, har qancha qurbonlar berib bo‘lsa ham qutqarish kerak. Ikkovimizning xarakterimizga kelganda, qo‘ying, uni Vatan manfaatlariga bo‘ysundiraylik».
Men Vatanga xizmat qilishga doim tayyorman, deb javob berdim.
Yana aytish kerakki, shu daqiqadan boshlab Stalin men bilan maslahatlashmasdan turib, operatsiyalarni tashkil etish masalalari bo‘yicha hech qanday qarorlar qabul qilmadi.
Deyarli butun urush davomida men uning hurmati va ishonchini qozondim. Bu esa menga operatsiyalarni tashkil etish va o‘tkazish tadbirlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini berdi.
Urushning oxirlarida, aniqrog‘i, Kursk yoyidagi janglardan keyin Stalin umuman, harbiy masalalarni bir muncha yaxshi tushunadigan bo‘lib qoldi.
Lekin bu o‘rinda men qayd qilishim joizki, Stalin eng katta operatsiyalar o‘tkazilayotganida, biz natijalarga muvaffaq bo‘lgan paytlarimizda bu ishlarning tashkilotchilari sha’niga qandaydir soya solishga, buning uchun ayrim usullardan foydalanishga harakat qilardi: operatsiyalar yaxshi borayotganligi ma’lum bo‘lganida u frontlarning qo‘mondonligi va shtablariga, armiyalarning qo‘mondonligiga qo‘ng‘iroq qilar, ba’zan korpuslarning qo‘mondonlari bilan ham gaplashib chiqardi va Bosh shtab tomonidan tuzilgan eng so‘nggi vaziyat to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanib, ulardan operatsiyaning qanday rivojlanayotgan haqida so‘rardi, maslahatlar berardi, ularning nimaga ehtiyoj sezayotganligi bilan qiziqsinardi, va’dalar berar va bu bilan ularda Oliy Bosh qo‘mondon o‘z o‘rnida hushyor turibdi, o‘tkazilayotgan operatsiyalarni boshqarishni qo‘lida mahkam ushlab turibdi, degan tasavvur tug‘dirardi.
Oliy Bosh qo‘mondonning bunday qo‘ng‘iroqlaridan A.M.Vasilevskiy ikkimiz faqat frontlarning qo‘mondonlaridan xabar topardik, chunki u bizni chetlab harakat qilardi. Dushman Vatanimiz chegaralaridan surib chiqarilganda va operatsiyalar Polsha, Sharqiy Prussiya, Chexoslovakiya territoriyasiga ko‘chganida esa Stalin bu vaqtda frontlar guruhlarining harakatlarini muvofiqlashtirayotgan Oliy bosh qo‘mondon qarorgohi vakillari lavozimini umuman bekor qildi va barcha frontlarni boshqarishni bevosita qarorgoh zimmasiga yuklashni buyurdi.
Menga va Vasilevskiyga frontlarga qo‘mondonlik qilish buyurildi. Menga – Rokossovskiy o‘rniga 1-Belorussiya frontiga, Vasilevskiyga – halok bo‘lgan armiya generali Chernyaxovskiy o‘rniga 3-Belorussiya frontiga qo‘mondonlik qilish topshirildi.
Buning ma’nosi ayon edi. Stalin dushman ustidan ajoyib g‘alabani o‘zining shaxsan qo‘mondonligi ostida yakunlamoqchi, ya’ni 1813 yilda Aleksandr I Kutuzovni bosh qo‘mondonlikdan chetlatib, bu vazifani o‘z zimmasiga olgani, Napoleon armiyasini tor-mor keltirgan shavkatli rus qo‘shinlari oldida Parijga oq otda kirib borganligini takrorlamoqchi edi.
1944 yilning kuz kunlaridan birida Stalin shaxsan men bilan gaplashayotib, bunday dedi:
– Birinchi Belorussiya fronti Berlin yo‘nalishida turibdi. Bu eng muhim yo‘nalishga biz sizni qo‘ymoqchimiz. Rokossovskiyni esa boshqa frontga tayinlaymiz.
– Men xohlagan frontga qo‘mondonlik qilishga tayyorman, lekin Rokossovskiy 1-Belorussiya frontidan olinsa xafa bo‘ladi-ku, – dedim o‘z fikrimni bildirib.
Stalin javob berdi:
– Sizning tajribangiz katta, bundan buyon ham mening o‘rinbosarim bo‘lib qolaverasiz. Xafa bo‘lishga kelganda, biz uyatchan qiz bolalar emasmiz-ku. Hozir men Rokossovskiy bilan gaplashaman.
Poskrebishev Stalinni tez Rokossovskiy bilan telefon orqali bog‘ladi.
Rokossovskiyga o‘zining qarorini aytib, Stalin, «Sizni 2-Belorussiya frontiga o‘tkazsak rozimisiz?» – deb so‘radi. Rokossovskiy o‘zini 1-Belorussiya frontida qoldirishni so‘radi. Lekin Stalin dedi: «Bunday qilib bo‘lmaydi. Bosh yo‘nalishga Jukovni qo‘yishga qaror qilindi. Sizning esa 2-Belorussiya frontini qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi».
Stalin behuda bunday qilmayotgan edi.
Shu paytdan boshlab Rokossovskiy bilan mening o‘rtamda ilgarigidek qadrdonlik, do‘stlik munosabatlari qolmadi. Urushning tugashi yaqinlashgan sari Stalin marshallar – frontlarning qo‘mondonlarini bir-biriga kushanda qilaverdi, ko‘pincha ularni o‘zaro to‘qnashuvga olib borib, oraga nifoq, hasadchilik urug‘larini sochdi va nosog‘lom shuhratga undadi.
Afsuski, qo‘mondonlardan ba’zi birlari yuzingda ko‘zing bormi demay, eng oddiy odamgarchilik qoidalarini ham buzib, amalparastlik kayfiyatiga berilib, Stalinning zaif tomonidan foydalandilar, unda urushning eng og‘ir yillarida tayanib ish ko‘rgan kishilarga nisbatan qandaydir befarqlikni avj oldirdilar.
Bunday odamlar Stalinning qulog‘iga bo‘lar-bo‘lmas har xil gaplarni shipshitib, uning oldida o‘zlarini juda beg‘ubor qilib ko‘rsatishga urindilar. Urushning oxirlarida shunday ishlar bilan, ayniqsa, marshal I.S.Konev ko‘proq shug‘ullandi.
Bizning qo‘shinlarimiz zarbalariga dushman bardosh bera olmay qolgan Kursk yoyidan boshlab, Konev boshqa hamma qo‘mondonlardan ko‘ra Stalinga ko‘proq xushomadgo‘ylik qila boshladi, operatsiyalar o‘tkazishdagi o‘zining «qahramonliklari» bilan maqtandi va ayni vaqtda qo‘shinlarining harakatlarini kamsitib gapirdi.
N.V.Vatutin qo‘mondonligidagi 1-Ukraina fronti va I.S.Konev qo‘mondonlik qilgan 2-Ukraina fronti kuchlari bilan o‘tkazilgan Korsun–Shevchenkovsk operatsiyasi hamon esimda. Bu frontlarning harakatlarini bir-biriga men muvofiqlashtirganman. Operatsiya muvaffaqiyatli borardi. Vatutinning qo‘shini yaxshi harakat qilayotgan edi. Lekin operatsiya oxirida qamal qilingan dushman qoldiqlari bo‘rondan foydalanib, Vatutin qo‘shinlarining jangovar tartiblari orasidan yorib o‘tib ketdi.
Stalin shu zahotiyoq menga qo‘ng‘iroq qilib, asabiylashib so‘radi: «Siz dushman Vatutin frontini yorib o‘tganligidan va Korsun–Shevchenkovsk rayonida qamaldan chiqayotganidan xabardormisiz?»
Men javob berdim: «Yo‘q, xabarim yo‘q, menimcha, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi».
Shunda Stalin meni koyidi va hozirgina unga Konev telefon qilib, dushman yorib o‘tganligini xabar qilganligini aytdi. Keyin bunday dedi: «Men operatsiyani tugallashni Konevga topshirmoqchiman. Siz Vatutin bilan butun e’tiborni tashqi frontga va Proskurovsk–Chernovitsk operatsiyasiga qaratganingiz ma’qul».
O‘shanda men Stalinga operatsiyani tamomlashga uzog‘i bilan uch kun qolganligini aytdim. Korsun–Shevchenkovsk operatsiyasida 1-Ukraina fronti bosh rol o‘ynaganligini, Vatutin va uning boshchiligidagi qo‘shinlarning jangovar xizmatlari munosib baholanmasa, ular xafa bo‘lishlarini aytdim.
Stalin telefon go‘shagini qo‘yib, men bilan gapni yakunladi. Oradan ikki soat o‘tgach esa qamal qilingan dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha so‘nggi harakatlarni Konevga topshirish haqida direktiva olindi.
Ish manfaatlari nuqtai nazaridan shunday qilish kerakmidi?
Yo‘q, bunday qilish joiz emasdi. Bu Stalinga Konev, Vatutin va mening o‘rtamizga yanada kattaroq nifoq solish uchun kerak edi. Konev yaxshi ish qilmadi.
Mening injiqligimni bilgan Stalin keyingi operatsiyalarni o‘tkazishda ham meni Konevga, Rokossovskiyga va boshqalarga, ularni esa o‘z navbatida menga qarshi bir necha bor gij-gijlatmoqchi bo‘ldi. A.M.Vasilevskiyga mendan nolir, menga Vasilevskiydan yozg‘irar edi. Lekin A.M.Vasilevskiy bama’ni odam bo‘lgani uchun Stalinning ig‘volariga uchmadi.
Stalinga bularning nima keragi bor edi? Hozir o‘ylasam, bularning hammasi ataylab, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonligi ahil jamoasini bir-biridan ajratib qo‘yish uchun qilinarkan. Stalin Beriya va Abakumovlarning ig‘vo gaplariga uchib ana shu jamoadan hech bir asossiz hayiqa boshlagan edi. 1945 yilning aprel oyi oxirida urushni poyoniga yetkazayotgan Berlin operatsiyasi ketayotgandi. 1-Belorussiya fronti qo‘shinlari Oderda nemislar mudofaasini muvaffaqiyatli yorib o‘tib va mudofaaning birinchi chizig‘ini tor-mor keltirib, Zeyel tepaligida joylashgan va bizning qo‘shinlarimiz hujumlari uchun juda noqulay bo‘lgan mudofaaning ikkinchi chizig‘ida qattiq qarshilikka duch keldilar.
Operatsiyani barbod qilmaslik va dushmanga Berlin yo‘nalishida bizning hujumlarimizni qaytarish imkonini bermaslik uchun men Zeyel tepaligida dushman mudofaasini albatta tor-mor keltirish uchun 1 va 2-tank armiyalarini jangga solishga qaror qildim.
17 aprel kuni kechqurun Stalin menga qo‘ng‘iroq qildi. Bu vaqtda men 8-armiyaning qo‘mondonlik punktida Chuykov huzurida edim.
Stalin bunday dedi:
– Siz Berlin yo‘nalishida dushmanga yetarli baho bermayapsiz. Men hozirning o‘zidayoq Berlinga kirib boryapsiz, deb o‘ylagandim. Siz esa hamon Zeyel tepaligidasiz, Konevning ishi yaxshi yurishyapti. Shuning uchun frontlar o‘rtasidagi chegaralarini o‘zgartirsak, Konev va Rokossovskiyning asosiy kuchlarini Berlinga bursakmikan?
Men javob berdim:
– Dushman hamma rezervlarini Berlin rayonidan olib, ixtiyorimdagi qo‘shinlarga qarshi tashlasa yomon bo‘lmayd. Biz ularni Berlindan ancha uzoqda tor-mor keltiramiz, bu esa Berlinning olinishini yengillashtiradi va tezlatadi. 1-Ukraina fronti qo‘shinlarining ancha yaxshi harakat qilayotganligiga kelsak, u yerda dushmanning qo‘shinlari juda oz, lekin, aftidan, dushman Konevga qarshi ancha katta kuch tashlashga majbur bo‘ladi. Shundan keyin hujum sur’ati pasayib ketadi. Hozir frontlarning chegaralarini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Konevning asosiy guruhlarini tezroq Elbaga harakat qildirish, Tyuringiyani egallash va keyin uni Pragaga o‘tishga tayyorlash kerak. Menimcha, front qo‘shinlari uzog‘i bilan 22 aprelda Berlinga yorib kiradi. Rokossovskiyga kelganda, u 22 aprelgacha asosiy kuchlari bilan faqat Oderni kechib o‘ta oladi, xolos va o‘z guruhlari bilan belgilangan Berlin rayoniga vaqtida chiqa olmaydi, buning zarurati ham yo‘q...
Oradan bir soat o‘tgach, men Bosh shtab boshlig‘i general A.I.Antonovga qo‘ng‘iroq qildim va undan Stalin nima uchun Berlin operatsiyasi taqdiri to‘g‘risida tashvishlanib qoldi, deb so‘radim.
Antonov dedi:
– Mening bundan xabarim yo‘q. Faqat unga Konev telefon qilib, operatsiya muvaffaqiyatli borayotganini aytganini bilaman, xolos.
* * *
1946 yil mart oyining boshlarida Stalin Berlinga, menga telefon qilib bunday dedi:
– Bulganin menga bizning Qurolli Kuchlarimizni boshqarishni urushdan keyin qayta qurish loyihasini keltirdi. Qurolli Kuchlarning asosiy rahbarlari orasida sizning nomingiz yo‘q. Men buni noto‘g‘ri deb hisoblayman Siz qanday lavozimda ishlashni xohlaysiz? Vasilevskiy Bosh shtab boshlig‘i lavozimida ishlash istagini bildirdi. Siz quruqlikdagi qo‘shinlar Bosh qo‘mondoni lavozimida ishlasangiz bo‘ladimi? Bu kuchlar bizning eng ko‘p sonli kuchlarimiz hisoblanadi.
Men bu masala ustida o‘ylamaganimni va Markaziy Qo‘mita topshiradigan har qanday ishni bajarishga tayyorligimni aytib javob berdim.
Stalin so‘zida davom etdi:
– Bulganin Mudofaa xalq komissarligi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ham keltirdi. Menimcha, siz kelib bu loyiha ustida Bulganin va Vasilevskiy bilan birga ishlasangiz ma’qul bo‘ladi.
Oradan ikki-uch kun o‘tgach, men Moskvaga borib, Bulganinning huzuriga kirdim. U Stalin bilan o‘rtamizda bo‘lgan gapdan xabari borligi uchun ancha pitirlab qoldi.
Mudofaa xalq komissarligi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ko‘rib chiqqandan keyin Qurolli Kuchlar turlari bosh qo‘mondonlari va xalq komissarining birinchi o‘rinbosarining huquqiy mavqei xususida Bulganin bilan o‘rtamda jiddiy kelishmovchilik kelib chiqdi. Uning loyihasiga ko‘ra, bosh qo‘mondonlar o‘z amaliy faoliyatlarida mudofaa xalq komissari bilan emas, balki uning birinchi o‘rinbosari bilan ish bitirishlari kerak edi. U o‘z loyihasini himoya qilib, Mudofaa xalq komissari Stalin partiya va davlat ishi bilan juda band deb asoslashga urindi.
– Bu sabab emas, – dedim men Bulganinga uning dalillariga o‘rin qo‘ymaslikka urinib. – Bugun xalq komissari Stalin, ertaga esa boshqa kishi bo‘lishi mumkin. Qonunlar ayrim shaxslar uchun emas, balkim konkret lavozim uchun yoziladi.
Bulganin bularning hammasini Stalinga buzib yetkazdi va shunday deb qo‘shib qo‘ydi:
– Jukov – Sovet Ittifoqi marshali, u men bilan – general bilan muomala qilmoqchi emas.
Bulganinning bu yo‘li Stalindan o‘ziga Sovet Ittifoqi marshali unvonini tilab olishga qaratilgan edi.
Haqiqatan, oradan bir kun o‘tgach, Bulganinga Sovet Ittifoqi marshali unvonini berish to‘g‘risida farmon chiqdi, menga esa Stalin Xalq komissarligi to‘g‘risidagi nizom ustida hali ishlash kerak, deb aytdi.
Bulganin Mudofaa xalq komissarligi bo‘yicha Stalinning o‘ng qo‘li bo‘lib qolganligi menga ayon edi. Bulganin harbiy ishni juda yomon bilar va, albatta, operativ-strategik masalalarda hech narsani tushunmas edi. O‘ta sezgir, mug‘ombir odam bo‘lganidan Stalinga yaqinlashib, uning ishonchiga kira bilgan edi.
Bu masala Qurolli kuchlar uchun yangilik emasligini Stalin tushunardi, albatta. Lekin, Bulganin epchil diplomat va so‘zsiz sajda qiladigan odam bo‘lganligi uchun kerak edi. Bulganin shaxsan uning uchun hamma narsaga tayyor ekanligini Stalin bilardi.
Men Bosh qo‘mondon va Bosh boshliq lavozimini o‘rinbosarim V.D.Sokolovskiyga topshirib, Moskvaga yo‘l olldim va piyoda qo‘shinlar Bosh qo‘mondoni lavozimida ishga kirishdim.
Bu vaqtda katta yoshdagi soldatlarni armiya va flotdan demobilizatsiya qilish ishlari asosan tugallanayotgan edi. Qo‘shinlar hayoti hali normal izga tushgan emasdi. Qo‘shinlar tartibi va xizmati ko‘ngildagidek darajada emas edi. Armiyani normal ahvolga keltirish maqsadida biz piyoda qo‘shinlar uchun bir qancha o‘quv-mashq tadbirlarini ishlab chiqdik va piyoda qo‘shinlar Bosh qo‘mondonining 1946 yilga mo‘ljallangan jangovar tayyorgarlik bo‘yicha buyrug‘i loyihasini tuzdik.
Piyoda qo‘shinlar Bosh qo‘mondoni buyrug‘ining loyihasi Stalinga, bir nusxasi esa Bulganinga yuborildi.
Stalin Bulganinning shipshitishi bilan bu loyihaga meni shunchaki murosayu madora uchun qo‘shilgan deb tushundi.
Stalin bilan mening o‘rtamda buyruq loyihasining mazmuni xususida, ayniqsa, quruqlikdagi qo‘shinlarni, Bosh qo‘mondonlik rezervining qismlari va birlashmalarini birgalikdagi dala va qo‘mondonlikning – shtab mashqlariga jalb etish xususida juda katta noxush gaplar bo‘ldi.
Bulganin bunday dedi: «Jukov Bosh qo‘mondonlikning hamma rezervlarini Bosh qo‘mondonlikning ixtiyoriga olmoqchi, bizni esa quruq qoldirmoqchi».
Men, bu – bolalarning gapi, deb aytdim. Lekin mening luqmam Stalinga yoqmadi.
Menga buyruq loyihasini qayta ishlab chiqishni topshirishdi. Yana bir bor ishlab chiqdim. Stalin yana uni tasdiqlamadi.
A.M.Vasilevskiy menga: «Stalin Oliy Qo‘mondonlik buyrug‘ini emas, balki Xalq komissarligi buyrug‘ini chiqarmoqchi» deb ochig‘ini aytdi.
Shunda mening loyihamni olishdi va Mudofaa xalq komissarligi buyrug‘i sifatida qayta ishlab chiqishdi. Shu zahotiyoq Stalin uni imzoladi. Shunday bo‘lgani ham yaxshi edi. Men ham Xalq komissarligining emas, balki Bosh qo‘mondonlik buyrug‘ini chiqarish fikrida turib, noto‘g‘ri qilgan ekanman.
Vaqt o‘tgan sari Bulganin va Stalin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda ancha iliqlik bo‘ldi.
Atrofimda qandaydir noxush ishlar bo‘y ko‘rsatayotganligini sezardim. Nihoyat, mening uchun juda xunuk bo‘lgan voqealar ham yuz berdi.
Stalin Bosh Harbiy Kengashni to‘pladi. Unga Siyosiy byuroning hamma a’zolari, marshallar, generallar, shu jumladan, F.I.Golikov va A.V.Xrulyov ham taklif etildi.
Majlis zaliga Stalin kirib keldi. U qora bulutdek tund edi. Bir so‘z ham demasdan, cho‘ntagidan bir qog‘oz olib, Bosh Harbiy Kengash kotibi S.M.Shtemenkoning oldiga tashladi va: «o‘qing» dedi. Shtemenko minbarga chiqib o‘qiy boshladi. Bu turmada yotgan va davlat xavfsizligi organlari hibsga olgan sobiq ad’yutant podpolkovnik Semochkin va aviatsiya Bosh marshali A.Novikovdan marshal Jukov ustidan yozilgan ariza edi. Ariza bir necha sahifadan iborat bo‘lib, uning mazmuni asosan marshal Jukov Stalinga nisbatan samimiy emas, o‘tgan urush vaqtida asosiy ishlarni Stalin emas, u – Jukov bajargan deb hisoblaydi, Jukov go‘yo urush vaqtida o‘z atrofiga bir guruh norozi generallar va ofitserlarni to‘plab olgan...
Bu ariza o‘qib bo‘lingach, Stalin o‘tirganlardan o‘z fikrlarini bildirishni so‘radi. Molotov, Beriya va Bulganin so‘zga chiqishdi. Ularning hammasi kaminani Stalinning menga yaxshi munosabatlariga munosib emas, kekkayib ketgan va nafaqat Siyosiy byuro obro‘yi bilan, balki shaxsan Stalin bilan ham hisoblashmaydi, uning adabini berib qo‘yish va o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yish kerak, deb aytishdi.
General Golikov ham xuddi shu ruhda gapirdi. Men go‘yo uni 1943 yilda Xarkov ostonalarida front qo‘shinlarining muvaffaqiyatsizliklari uchun qo‘mondonlik vazifasidan behudaga olib tashlagan emishman. Lekin so‘zga chiqqan marshallarning ko‘pchiligi meni qo‘llab-quvvatlashdi. Bronetank qo‘shinlari marshali P.S.Ribalko ayniqsa yoqlab chiqdi, murakkab sharoitlarda va xavfli daqiqalarda Jukov qo‘shinlarga vaziyatni to‘g‘ri baholashda va dushmanni tor-mor keltirishda yordam berganligini aytdi.
Majlisning oqibati shu bo‘ldiki, meni piyoda qo‘shinlar Bosh qo‘mondoni lavozimidan olib, Odessa harbiy okrugi qo‘shinlariga qo‘mondonlikka yuborishdi. Bo‘lib o‘tgan VKP (b) Markaziy Komiteti Plenumida esa meni hech bir asoslanmagan holda Markaziy Qo‘mita tarkibidan chiqarishdi. Plenumda A.Jdanov: «Jukov hali yosh, Markaziy Qo‘mita uchun yetilgan emas», deb aytdi.
1947 yilda generallar va ofitserlarning katta guruhi va asosan qachonlardir men bilan ishlagan kishilar qamoqqa olindi. Ular orasida generallardan Minyuk, Filatov, Varenikov, Kulikov, 1-Belorussiya fronti Harbiy Kengashining sobiq a’zosi K.F.Telegin va boshqalar bor edi. Qamalganlarning hammasini Stalin rahbarligiga qarshi Jukov tomonidan uyushtirilgan «harbiy isyon» tayyorlaganini tan olishga jismonan majbur qilishdi.
Bu «ish»ga Abakumov va Beriya bosh bo‘lishdi.
Ularning butun harakati meni qamashga qaratildi. Lekin Stalin mening harbiy isyon uyushtirishga uringanligimga ishonmadi va meni qamoqqa olishlariga rozilik bermadi.
Keyinchalik Xrushchev menga aytishicha, Stalin Beriyaga bunday degan ekan: «Jukov bunday ish qiladi, deganlarning hech biriga ishonmayman. Men uni yaxshi bilaman. U cho‘rtkesar, dangal va har qanday kishining ko‘ziga tik qarab turib har qanday noxush gapni ayta oladi. Lekin u Markaziy Qo‘mitaga qarshi bormaydi».
Shunday qilib, Stalin meni qamoqqa olishlariga yo‘l qo‘ymadi.
Abakumovning o‘zini qamoqqa olishganda shunisi ma’lum bo‘ldiki, u mudhish 1937–1939 yillarda bo‘lgani kabi bu ishlarning hammasini ataylab qilgan ekan.
Abakumov otib tashlandi, meni esa partiya XIX s’yezdida shaxsan Stalinning o‘zi KPSS Markaziy Qo‘mitasi tarkibiga kiritishni tavsiya etdi.
Ana shu og‘ir vaqtlarda Stalin kamina haqimda hech kimga yomon so‘z aytmadi va men bunday xolisligi uchun undan minnatdorman, albatta.
«Pravda» gazetasining 1989 yil 20 yanvar sonidan
Fathulla Namozov tarjimasi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter