Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Startapni yo‘lga qo‘ymoqchimisiz? Sizni qo‘llab-quvvatlovchilar bor

Startapni yo‘lga qo‘ymoqchimisiz? Sizni qo‘llab-quvvatlovchilar bor

Foto: «rtmc.uz»

O‘zbekiston bo‘ylab Yoshlar startap-tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash dasturining uchinchi davrida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlandi. Joriy yilda beshta eng yaxshi jamoa startapni yaratishga oid ulkan tajribadan tashqari, o‘z loyihalarini rivojlanitirish uchun pullik sarmoyalarga ham ega bo‘ladilar.

2016-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan «Startap-tashabbuslari» dasturi yoshlarni o‘z shaxsiy startaplarini yaratishga hamda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan. Dastur BMTTD, Savdo-sanoat palatasining qo‘shma faoliyati mahsuloti bo‘lib, joriy yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi va Yoshlar ittifoqi hamkorligida «Yoshlar-kelajagimiz» davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Dasturga saralash qanday o‘tkaziladi?

Dasturga saralab olish onlayn arizalar va jamoalar bilan suhbat o‘tkazish asosida amalga oshiriladi. Xususan, qizlar rahbarligidagi yoki jamoalar tarkibida ta’sischi sifatida qizlar ishtirok etayotgan jamoalar va loyihalar ustuvorlik kasb etadi.

Dastur nimalardan iborat?

Hakamlar hay’ati tomonidan aniqlangan eng yaxshi loyihalarning mualliflari dasturda ishtirok etishlari va «Lean Startup» («tejamkor startap») uslubiyati asosidagi startap-loyihalarni rivojlantirish bo‘yicha tayanch ta’lim kursini o‘tashlari mumkin.

Dastlabki ikki davr tajribasidan kelib chiqqan holda, asosiy e’tibor ekspertlar va mentorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda tanlab olingan startaplarni hayotga tatbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatishga qaratiladi. Ekspertlar loyiha g‘oyalarini hayotiyligini aniqlashda, qiymat takliflari va qabul qilingan taxminlarni sinashda, MVP (yakuniy mahsulotning minimal ishga layoqatli ko‘rinishi)ni yaratishda, loyihaning biznes-modelini ishlab chiqishda, savdo kanallarini izlashda va sarmoyachilar uchun taqdimotni tayyorlashda yordam beradilar.

Eng muvaffaqiyatli loyihalarning mualliflari «Demo Day» yakuniy tadbiri — istiqboldagi investorlarga o‘z loyihalarini taqdim etish hamda innovatsiyalar forumida ishtirok etish imkoniga ega bo‘ladilar. «Demo Day» yakunlari bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan beshta loyiha o‘z startaplarini rivojlantirish uchun beg‘araz sarmoya shaklida mablag‘ga ham ega bo‘ladilar. Bunda moliyaviy ko‘mak Innovatsiyalarni rivojlantirish vazirligi va Yoshlar ittifoqi tomonidan ko‘rsatiladi.

Joriy yilda alohida seminarlar va mahorat darslari Toshkent shahridan tashqari, Namangan va Samarqand viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham o‘tkaziladi. Har bir hududda qo‘llab-quvvatlash dasturida ishtirok etish uchun 30 tagacha eng yaxshi loyihani tanlab olish rejalashtirilgan. Dasturning hududiy bosqichi yakunlanganidan so‘ng, ekspert guruhi tomonidan saralab olingan 3 tagacha eng yaxshi loyiha Toshkentda bo‘lib o‘tadigan «Demo Day» yakuniy tadbirida ishtirok etish imkonini qo‘lga kiritadi.

Qanday qilib ishtirokchiga aylanish mumkin?

Dasturda qanday ishtirok etish, loyihalarni saralab olish mezonlari va ishtirokchilarga qo‘yilgan talablar haqidagi ma’lumot bu yerda joylashtirilgan.

Ariza topshirishning yakuniy sanasi – 2018-yil 17-sentyabr.

Dastur yangiliklaridan xabardor bo‘lish uchun dasturning «Facebook» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga a’zo bo‘ling. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring