Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashkil etildi

Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashkil etildi

Joriy yil 30-oktyabrda imzolangan «Strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimini joriy etish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF–201-son farmon bilan strategik rejalashtirish sohasida boshqaruv tizimi takomillashtiriladi.

Farmonga ko‘ra, quyidagilar qayta tashkil etiladi:

  • Tahliliy va tadqiqot tuzilmalari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash etib;
  • Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi etib;
  • Strategik islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi etib.

Muvofiqlashtiruvchi kengash vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur sohadagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan idoralararo kollegial organ hisoblanadi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash 1- va 2-darajali strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini ularni qabul qilishning maqsadga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi.

Bunda ma’qullangan loyihalar ko‘rib chiqish uchun Prezidentga kiritiladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-noyabrdan strategik ahamiyatga ega hujjatlarni ishlab chiqish, amalga oshirish, monitoring qilish va baholashni o‘z ichiga olgan strategik rejalashtirish va rivojlanish tizimi joriy etiladi.

Strategik rejalashtirish hujjatlarining iyerarxiyasi quyidagi tartibda belgilanadi:

  • 1-darajali hujjatlar konsepsiyalar shaklida;
  • 2-darajali hujjatlar strategiyalar shaklida;
  • 3-darajali hujjatlar dasturlar («yo‘l xaritalari», chora-tadbirlar rejalari) shaklida qabul qilinadi.

Bunda:

  • 1-darajali hujjatlar 7  yildan ortiq muddatga ishlab chiqiladi va qoida tariqasida qonunlar bilan tasdiqlanadi;
  • 2-darajali hujjatlar 4 yildan 7 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari bilan tasdiqlanadi.
  • 3-darajali hujjatlari 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga ishlab chiqiladi va Prezident hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida tasdiqlanadi.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring