Sud hujjati ijrosiga aralashuv endi qimmatga tushadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi va boshqa qonunlarga bir qator qo‘shimcha hamda o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, sud va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilandi.
Jinoyat kodeksi 2321-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, sud va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga aralashish, ya’ni ijroga to‘sqinlik qilish yoki davlat ijrochisiga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin davom ettirilsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Mazkur qilmish mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, huquqbuzar muayyan huquqdan mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Endilikda yirik bitimlar tuzish, moliya-kredit xizmatlarini ko‘rsatish, xalqaro yo‘lovchi tashish va davlat xizmatlarini ko‘rsatishda ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorlik borligini tekshirmaslik ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qonun bilan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi belgilandi. Unga muvofiq, soddalashtirilgan tartibda undiruv qarzdorning mol-mulkiga (pul mustasno) qaratilmaydi, qarzdorga javobgarlik choralari ham qo‘llanmaydi. Soddalashtirilgan tartibda undiruv bankdagi pul mablag‘iga, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan summani undirish uchun esa ish haqi, stipendiya, pensiya va boshqa daromadlarga qaratiladi.
Elmurodjon Ortiqov,
Farg‘ona tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter