Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sudyani tikka haqorat qilgan shaxsga hukm o‘qildi

Sudyani tikka haqorat qilgan shaxsga hukm o‘qildi

Qaror o‘qib eshittirilishi hamono sud zalining o‘zida sudyani tikka haqorat qilgan shaxsga nisbatan hukm o‘qildi.

Voqelik shu yilning yozida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi ro‘y berdi.  Farzandini o‘z qaramog‘iga olib berish da’vosi bilan sudga murojaat qilgan Aziz Normatovning (ism-familiya o‘zgartirildi) murodi hosil bo‘lmaydi. Sud uning da’vosini rad qilib, voyaga yetmagan farzandini onasi qaramog‘ida qoldirishni lozim topadi.

Bundan jahli chiqqan Aziz endigina hal qiluv qarorini o‘qib, taraflarga uning mazmunini tushuntirishga chog‘langan fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi sudyasini tikka haqorat qilishga tushadi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan A. Normatovni o‘sha yerdagilar tinchlantirishga harakat qiladi. Biroq qilingan harkatlar ta’sir qilmaydi.

Sudyani xizmat joyida ilonlar po‘st tashlaydigan ohangdagi haqoratlarga ko‘mgan A. Normatov qachonki ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ishi sudga oshirilgach, mulla mingan  ayg‘irdek «o‘ziga keladi». Biroq, endi kech...

Sud o‘zini nomardlarcha tutgan Aziz Normatovni  O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismining «a» bandida (jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Va unga 1 (bir) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, birinchi bosqich sudining qarori «qaror – qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q!» degani emas. Sud qaroridan norozi bo‘lgan odam e’tirozini shikoyat shaklida yuqori instansiyaga bildirishi mumkin. Bunda hech qanday mo‘nelik yo‘q. Norozilikni shikoyat emas, haqorat shaklida ifoda etishning natijasini esa ko‘rib turibsiz...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring