Sumalak: Samarqandning «Gulbahor» mahallasidan fotoreportaj

Bu yil Navro‘z va Ramazonning uyqash kelishi o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Joylarda hamon davom etayotgan ko‘klam shodiyonalari iftorlarga ulanib ketayotgani bilan go‘zal.
Samarqand shahridagi «Gulbahor» mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli 8-uyda yashovchilar ham qo‘shaloq ayyomni o‘ziga xos nishonladilar.
Avvaliga ko‘p qavatli uy hovlisida katta doshqozon o‘rnatildi.
Qo‘shnilarning quvonchu tashvishlarini bo‘yniga olgan Lola Shirinovaning aytishicha, ular har yili birgalikda sumalak pishiradilar.
– 42 ta xonadonda turli millat, turli kasb egalari yashaydi. Qo‘ni-qo‘shnilar ahilmiz. Zero, hammamizning ishdan qaytgach oyog‘imizni uzatib o‘tiradigan, sokin tongni qarshi oladigan joyimiz – uyimiz. Sumalak faqat hovlilarda, dala-qirda pishiriladi deb o‘ylaydiganlar xato qiladi. «Dom»da turib ham milliy qadriyatlarimizni yoshlarimizga singdirish mumkin. Mana, necha yilki, mana shu joyda sumalak pishiriladi. Shu bahona ezgu tilaklar aytiladi, diydorlashamiz, oqibat qilamiz. Bugun qizalog‘im Mehronaning tug‘ilgan kuni ham. Qizaloq va bolakaylarning quvnaganini ko‘ring.
Lola Shirinova o‘tgan yili hovli uchun alohida darvoza o‘rnatganlarini aytdi. Bu yil esa bolalar maydonchasi, qariyalar chiqib dam olishi uchun mo‘’jazgina oromgoh va ishsiz ayollar uchun tikuv sexi qurish rejalashtirilgan.
68 yoshli Ra’no G‘afurova Navro‘zni nishonlash ta’qiqlangan yillarni esladi.
– 80-yillar oxirlarida edi. Bir necha yil Navro‘z ham nishonlanmadi, sumalak ham pishirilmadi. Shukur, bugun u gaplar ertakday bo‘lib qoldi. Mart boshlanibdiki, buyog‘i aprelning o‘rtalarigacha, bugun bu manzilda, ertaga boshqasida sumalakpazlik. Ko‘pning mehnati bilan bitadigan ish bu. 20 kilo bug‘doy ko‘kartirildi, 40 kilo un solindi. Lekin, ko‘pchilik-da, o‘yin-kulgu bilan, hech bir zahmatsiz qozonga solindi, – deydi mamnuniyat bilan Ra’no aya.
Onaxonlar qo‘llarini ochib yurtimizda tinchlik, farovonlik bo‘lsin, deya duo qilganlarida, ul-bul ishlar bilan band yoshlar ham bir pas ishlarini chetga surib turdilar.
Sumalak kapgirini navbatma-navbat olib qozon kavlayotganlar orasida sho‘xroqlari shu joyning o‘zida raqsga ham tushib berdilar.
Bahor ne’mati ertalabdan oqshomgacha qaynayverar ekan, iftor vaqtida hovlida yoshu qari bir dasturxon atrofida jam bo‘ldilar.
Sobiq qo‘shnilarni yo‘qlab kelgan mana bu ayol – Farida Gemadiyeva. U o‘n yillar avval shu uyda yashagan, oilasi kengaygach, narigi mahallaga ko‘chib o‘tgan.
– Lekin, har yili sumalak sayliga meni albatta chorlashadi. Chaqirishmasa ham hech kim ularni urushmaydi, ayblamaydi. Navro‘z ana shunday millati, kasbi, qiziqishlaridan qat’iy nazar birdamlik, mehr-oqibat shodiyonasi. Men shunday insonlar bilan hamnafas ekanligimdan xursandman.
Sumalak o‘chog‘idagi olov o‘n ikki soat deganda, davra tarqalayotganda o‘chirildi. Keyin dimlab qo‘ydilar.
Tongda suzilgan sumalak uning daragini eshitgan-eshitmaganlar, ko‘ngli o‘ksik insonlar, yetim-yesirlarga ham ulashildi. Faollar Samarqandning boshqa bir hududida joylashgan «Saxovat» uyiga ham sumalak olib bordilar...
M. Jo‘raqulova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter