Tabiiy gaz talon-toroj qilingani uchun «Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi» rahbari o‘rinbosari ishdan ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 6 fevral kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar natijadorligi, tabiiy gaz va suyuq uglevodorodlar qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha joriy yilgi vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilgan edi.
Ushbu yig‘ilishda neft va gaz sohasida qilinishi kerak bo‘lgan bir qator ishlar barobarida, barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «komplayens nazorat» tizimi joriy etilishi belgilandi.
«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev ushbu yig‘ilishda berilgan topshiriqlar va vazifalarni amalda bajarish uchun korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lida tizimdagi har bir korxonaning rahbari uchun kerakli tavsiya hamda takliflarini berdi. Tizimdagi korrupsiyaning oldini olishda huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Natijada esa Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazning talon-toroj qilinayotgani hamda undan hech qanday hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan foydalanilayotgani holati fosh etildi.
2020-yil 26-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro buyurosi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi xodimlari hamda «O‘zbekneftgaz» AJning «Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi» xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan o‘rganish davomida Muborak tumani «Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi»ga qarashli Gazni xo‘jalik hisoblash tizimi hududi atrofida joylashgan «IDEAL GRANT BINOKOR» MChJ rahbari U.Qurboniyozov ishtirokida jamiyatga qarashli issiqxona tekshirildi.
Issiqxonadagi tabiiy gazdan foydalanish holatlari bo‘yicha olib borilgan tekshiruvda hech qanday hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
Ushbu holat bo‘yicha keltirilgan zarar miqdorlari hisob-kitob qilinib «IDEAL GRANT BINOKOR» MChJdan davlat foydasiga undirish va tegishli chora ko‘rish uchun Prokuratura organiga kerakli ma’lumotlar taqdim etildi.
Yuqoridagi noqonuniy holatni vaqtida nazorat qilmagani va uning kelib chiqishini oldini olmagani, e’tiborsizligi, yetarlicha nazorat qilmaganligi tufayli «Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi» rahbari o‘rinbosari-bosh muhandis egallab turgan vazifasidan ozod etildi.
Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1852-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) tartibida dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda va «Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi» rahbari o‘rinbosari-bosh muhandisining ushbu «jinoyat»ga aloqadorligi holati tegishli tartibda o‘rganilmoqda.
«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter