Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tadbirkorlik uchun ayrim litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinyapti

Tadbirkorlik uchun ayrim litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinyapti

Prezidentining litsenziya va ruxsat berish tizimini tartibga solishga doir «Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2024-yil 1-martdan boshlab 16 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilinmoqda.

Jumladan:

  • 7 turdagi ruxsat beruvchi hujjat to‘liq bekor qilinadi (masalan, bojxona tashuvchilari reyestriga kirishda yuklarni tashish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi);
  • 6 turdagi ruxsat beruvchi hujjat birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi (xususan, eksport nazorati ob’yektlarini olib chiqish uchun ruxsatnoma hamda maxsus tovarlar eksporti va importi uchun litsenziya birlashtirilmoqda);
  • 3 ta litsenziya va ruxsatnoma xabarnoma tartibiga o‘tkaziladi (masalan, endilikda turagentlik faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish mumkin bo‘ladi).

Shuningdek, litsenziya yoki ruxsatnomani berishda talabgorlarni video aloqa yordamida masofadan turib baholashga ruxsat etilmoqda.

Chiqish turizmini amalga oshirishda 15 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ni Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish bekor qilinadi.

Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli transport vositasini texnik ko‘rikdan o‘tkazish joylarini ixtiyoriy ravishda tanlash mumkin (bugunga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazish ichki ishlar organlari tomonidan belgilangan joylarda o‘tkazilayotgan edi).

Qayd etilishicha, ushbu Farmon qabul qilinishi natijasida tadbirkorlarning qariyb 350 mlrd so‘mlik xarajatlari tejaladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring