Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“TalabaExpo – 2025” – yoshlar kelajagi uchun ulkan imkoniyat (video)

“TalabaExpo – 2025” – yoshlar kelajagi uchun ulkan imkoniyat (video)

Yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlarining asosiy kuchiga aylantirish davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarda ustuvor o‘rin egallaydi.

Xususan Prezidentimiz joriy yil 14-fevral kuni Yoshlar bilan hamda 7-mart kuni xotin-qizlar bilan bo‘lgan samimiy muloqotlari chog‘ida yigit –qizlar uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, bitiruvchi yoshlar bandligini ta’minlash borasida bir qator tashabbuslarni ilgari surgan edilar.

Joriy yilning 21-may sanasida Toshkent shaxrining talabalar shaharchasida takshil etilgan “TalabaExpo – 2025” ko‘rgazmasi ham ayni shunday ezgu maqsadlarni o‘z ichiga qamrab olgan.

Bitiruvchilar kuniga bag‘ishlangan tadbirning ochilish marosimida Yoshlar ishlari agentligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank”AJ, “Aloqabank” ATB xamda Savdo-sanoat palatasi ishtirok etdi.

E’tirof etilganidek, mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini ta’minlash, ilg‘or tadbirkorlik g‘oyalarini hayotga tadbiq etish borasida mutlaqo yangicha mexanizm yaratildi.
Bu yo‘nalishda davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan “Kelajakka qadam” dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bugungi kunda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va “O‘zmilliybank” AJning oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashtirilishiga ko‘maklashishni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshirilmoqda. Bunda o‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan talabalar uchun «O‘zmilliybank» AJ tomonidan biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan, qulay shartlarda moliyalashtirish, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni nufuzli korxona va tashkilotlarga ishga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ta’kidlash joizki, har bir bitiruvchi talaba uchun universitet hududidan chiqmagan holda o‘z biznes g‘oyasini tayyor loyihaga aylantirish va qulay moliyalashtirish imkoniyatlari yaratildi.

Shuningdek, mazkur dastur doirasida Milliy bank tomonidan bitiruvchi talabalarning biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun “Kelajakka birinchi qadam”, “Kelajak uchun start” hamda “Yorqin kelajak sari” yangi imtiyozli kredit mahsulotlari ishlab chiqildi.

Shuningdek, ilk marotaba tashkil etilgan “TalabaExpo–2025” ko‘rgazmada respublikamizdagi 700dan ortiq yirik va nufuzli korxonalar hamda tijorat banklari bugungi kunda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etmoqda.

–  Mamlakatimizda yoshlarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha yangicha tizimga asos solingani ushbu kasb yarmarkasi misolida ko‘rishimiz mumkin, - dedi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Samandar Bahodirov. – Festivalda ishlashni istagan yoshlar o‘zlari uchun ish beruvchi tashkilotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar olish hamda mehnat sharoitlari va imkoniyatlari bilan to‘laqonli tanishishlari mumkin.

–  O‘zbekiston volontyorlar assotsiatsiyasida tarjima, tilshunoslik bo‘yicha ko‘ngilli sifatida faoliyat olib bordim, - dedi Aydana Bekbo‘sinova. – Lekin har bir yosh o‘zi uchun maqbul ish joyiga ega bo‘lishni istaydi. Yoshlar uchun tashkil etilgan ushbu yarmarkada o‘zimni qiziqtirgan bir qator tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishib chiqdim.

–  “Artel” kompaniyasida bitiruvchilar uchun moliya, texnik menejer, axborot texnologiyasi sohalaridagi mutaxassisliklar bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari bor, - dedi kompaniyaning ishga qabul qilish bo‘yicha HR – menejeri Jahongir Rahmatov. – Shu bilan birga hali oliy o‘quv yurtini tamomlamagan yoshlar uchun stajirovka tarzida ishlab chiqarish operatori, sifat nazorati xodimi, muhandis-texnik xodim, yig‘uvchi – qadoqlovchi yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislarga bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Bu vakansiyalarga yoshlar tomonidan ham katta qiziqish bildirilmoqda.

–  “Discover Invest” kompaniyasida 6 ming nafardan ortiq xodim mehnat qiladi, - dedi ushbu kompaniyaning xodimlar bilan ishlash bo‘yicha HR bo‘limi boshlig‘i Mumtoza Fayziyeva. – Bizga qurilish, arxitektura, moliya, marketing yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj katta. Hozirga salkam 100 nafarga yaqin ishchi-xodim uchun bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Asosan oliy o‘quv yurtlarining bitiruvchi talabalari ish so‘rab kelishmoqda. Ularga kompaniyamiz uchun zarur bo‘ladigan mutaxassisliklar haqida batafsil ma’lumot bermoqdamiz xamda ishga joylashtirish bo‘yicha suxbat o‘tkazilmoqda.

“TalabaExpo – 2025” yarmarkasi doirasida ish beruvchi va tadbirkorlar bilan muloqotlar, yosh tadbirkorlarning ilg‘or g‘oyalarining taqdimotlari, qiziqarli uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizdagi har bir yigit va qizlarning kelajagiga hamda taqdiriga davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilayotganligi namunasidir.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring