Talabalar uchun e’lon qilingan 1,8 mlrd so‘mlik ijtimoiy grantga hujjatlar qabuli davom etmoqda
Metsenat.uz loyihasi doirasida Qashqadaryo viloyati hokimligi tomonidan innovatsion loyihalar uchun ijtimoiy grant e’lon qilindi. Grant 6 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z innovatsion g‘oyalariga ega bo‘lgan talabalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, tanlov doirasida 1 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha bo‘lgan loyihalar moliyalashtiriladi.
Grantni kimlar qo‘lga kiritishlari mumkin?
Tanlovda qaysi hududdagi oliy ta’lim muassasasida o‘qiyotganidan qat’i nazar doimiy yashash joyi Qashqadaryo viloyatida bo‘lgan barcha talabalar ishtirok etishlari mumkin.
Innovatsion loyihalar quyidagi 6 ta yo‘nalish bo‘yicha qabul qilinadi:
- Neft va gaz, kimyo sanoati;
- Energetika;
- Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati;
- Suv xo‘jaligi va ekologiya;
- Fan va ta’lim;
- IT texnologiyalar.
Loyihalarga qancha mablag‘ ajratiladi?
Talabalar taklif etayotgan loyihalar qiymati 1 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha bo‘lishi kerak. Har bir yo‘nalish bo‘yicha tanlov komissiyasi loyiq deb topgan uchtagacha loyihani viloyat hokimligi moliyalashtirish uchun sotib oladi va uni hayotga tatbiq qilish bilan bog‘liq barcha tashkiliy jarayonlarni o‘z zimmasiga oladi.
Shunday qilib, mazkur tanlov natijasiga ko‘ra, jami 1 mlrd 800 mln so‘mgacha bo‘lgan innovatsion loyihalarni moliyalashtirish reja qilingan (mazkur miqdor g‘olib bo‘lgan loyihalar budjetiga qarab o‘zgarishi mumkin).
Arizalar joriy yilning 21 yanvariga qadar metsenat.uz sayti orqali qabul qilinadi.
Tanlov komissiyasi kelib tushgan hujjatlarni ko‘rib chiqadi va maqbul deya topilgan loyihalarni moliyalashtirish to‘g‘risida ijobiy xulosa beradi.
Qanday hujjatlar kerak?
Talabalar eng avvalo metsenat.uz saytida ro‘yxatdan o‘tadi va o‘z ma’lumotlarini kiritadi. Bundan tashqari sayt orqali innovatsion loyihasi haqida belgilangan namuna asosida qisqacha ma’lumot (1 varaq) hamda loyiha aks etgan taqdimot (10 ta slayddan oshmagan) yuborishlari lozim.
Yana boshqa grantlar bormi?
Eslatib o‘tamiz, Metsenat.uz loyihasi doirasida talabalar yana quyidagi grantlarga ariza topshirishlari mumkin. Bular:
1) «Najot ta’lim» markazi tomonidan tibbiyot sohasida o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun jami 15 mln so‘mlik grant (ariza topshirishning oxirgi muddati 10 yanvar, butun respublika bo‘ylab);
2) «Project Managers» MChJ tomonidan bo‘lajak IT mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 20 mln so‘mlik ta’lim granti (ariza topshirishning oxirgi muddati 20 yanvar, butun respublika bo‘ylab);
Metsenat.uz qanday loyiha?
Bu ta’limga homiylik qiluvchi metsenatlar hamda talabalar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tovchi ijtimoiy loyiha bo‘lib, unda turli tashkilotlar, idoralar, kompaniya va tadbirkorlar ta’lim granti hamda stipendiyalar e’lon qilishlari mumkin. Hozirgacha tizim orqali umumiy qiymati 2 mlrd 400 mln so‘mga yaqin 6 ta grant va 2 ta stipendiya e’lon qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: Xabar.uz nashri Metsenat.uz loyihasining rasmiy axborot hamkori hisoblanadi va saytda e’lon qilinayotgan barcha grant hamda stipendiyalarni targ‘ib qilishga ko‘maklashadi. Shu o‘rinda yurtimizdagi barcha korxona, tashkilot, kompaniyalar hamda saxovatpesha tadbirkorlarni ilm-fanga, ta’limga beminnat homiylik qilishga chorlab qolamiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter