Ta’lim — direktorning «tomorqa»simi?
Ba’zi umumta’lim maktablaridagi eng og‘riqli va surunkali dard — ayrim rahbarlarning o‘z lavozimlariga xuddi umrbodlik meros yoki otasidan qolgan mulkdek yopishib olganidir. Xalq ta’limi tizimidagi bunday «soyadagi kichik qirolliklar» uchun avgust oyi asl ma’noda «hosil bayrami» — manfaat mavsumiga aylanadi. Aynan shu pallada maktablarda dars soatlarini taqsimlash jarayoni boshlanib, ayrim «kreslo sohiblari» uchun o‘z mansab vakolatini namoyish etish, o‘qituvchilarni o‘ziga qaram qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda yashin tezligida tarqalgan navbatdagi audioyozuv ham bu illatning jamiyatimizda qanchalik chuqur ildiz otganini ko‘rsatdi.
Ushbu muloqotda na madaniy munosabatni, na pedagogik etikani, na qonuniy tushuntirishni eshitasiz. O‘zining halol mehnati va qonuniy haqi bo‘lgan dars soatini so‘rab kelgan ziyoli o‘qituvchi maktab rahbari tomonidan xuddi o‘z tomorqasiga ruxsatsiz bostirib kirgan «begona da’vogar»dek kamsitiladi. Vaziyat shu darajaga yetadiki, «ma’naviyat maskani» rahbari o‘qituvchiga qarata: «Chiq xonamdan, o‘ldirib qo‘yaman!» deya ko‘cha bezorilari tilida ochiqdan-ochiq tahdid qiladi. Go‘yo u katta bir maktabning direktori emas, balki jinoyat olami vakili.
Maktabni o‘z tomorqasi, o‘qituvchilarni esa qo‘l ostidagi mardikor deb biladigan direktor yangi avlodga qanday ijobiy tarbiya bera oladi? Xonasiga kirgan ustozning shaxsiyatini yer bilan bitta qiladigan rahbar boshqarayotgan maktabdan yuksak madaniyat kutishning o‘zi mantiqsiz.
Bu yerdagi eng katta muammolardan biri — «avgust mafiyasi», ya’ni dars soatlari taqsimotidagi shaffoflik muammosidir. Tizim hali-hanuz inson omilidan to‘liq qutulgani yo‘q. Kim direktorning aytganini qilsa yoki uning «ko‘nglini olsa», soat o‘shanga tegadi, degan qarashning o‘ziyoq ta’lim tizimi uchun jiddiy xavfdir. Natijada o‘z ustida ishlaydigan, bilimli, ammo tilyog‘lamalikni bilmaydigan fidoyi pedagoglar chetda qolib ketishi mumkin.
Buning ustiga, maktablardagi kasaba uyushmalari yoki pedagogik kengashlar ayrim hollarda direktor chizgan chiziqdan chiqolmaydigan «qo‘g‘irchoq» tuzilmaga aylanib qolmoqda. O‘z huquqini talab qilgan o‘qituvchiga esa darrov «isyonchi» tamg‘asi yopishtirilib, dars soatlarini qisqartirish orqali iqtisodiy bosim o‘tkaziladi.
Bunday tizimli va surunkali muammoga faqat ayrim direktorni ishdan bo‘shatish yoki jazolash bilan chek qo‘yib bo‘lmaydi. Tizimning o‘ziga «jarrohlik amaliyoti» kerak. Avvalo, dars soatlarini taqsimlash jarayonidan inson omilini imkoni boricha chiqarib, uni shaffof va raqamlashtirilgan tizimga o‘tkazish zarur. Taqsimot avtomatlashtirilsa, direktorning qo‘lida kimgadir soat berish yoki bermaslik «richagi» qolmaydi.
Shuningdek, maktab direktorligi umrbodlik lavozimi emasligini amalda ta’minlash, rahbarlarni muayyan muddatlarda qayta baholash, zarur hollarda rotatsiya qilish ham muhim. Chunki korrupsion va manfaatdorlikka asoslangan zanjirlar ko‘pincha bir joyda uzoq yillar davomida shakllanadi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkin: maktablar ayrim mahalliy «xon»larning shaxsiy tomorqasi yoki tijorat do‘koni emas. U — ilm, ma’rifat va tarbiya maskani. Ustozning qaddi bukilgan yurtning kelajagi ham bukchaygan bo‘ladi. Bugun maktab xonasida tahqirlanayotgan faqat bir o‘qituvchi emas — ertangi kunning o‘zi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter