Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’lim sifati. Prezident qarori qabul qilindi, nimalar o‘zgardi?

Ta’lim sifati. Prezident qarori qabul qilindi, nimalar o‘zgardi?

Foto: «Xabar.uz»

Xabaringiz bo‘lsa kerak, shu yilning 16-yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Xo‘sh, ushbu qarorda nimalarga urg‘u berilgan va yaqin kunlarda ushbu sohada nimalar o‘zgarishi mumkin?

Mazkur qarorga ko‘ra, 2019-yil 1-martdan boshlab quyidagi shaxslarning xorijiy davlatlarda berilgan diplomlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi va nostrifikatsiya qilinadi:

O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma ta’lim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning;

Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education, Academic Ranking of World Universities reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning;

tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan ta’lim olgan fuqarolarning;

1992-yil 1-yanvargacha xorijiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan fuqarolarning;

Oliy ta’limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Higher Education) to‘laqonli a’zolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning (ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno);

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan ta’lim muassasalarida ta’lim olgan fuqarolarning (ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno);

xorijiy oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasining vazirlik va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan ta’lim olgan fuqarolarning;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiya qilish (ekvivalentligini qayd etish) to‘g‘risidagi arizalar faqatgina Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

Shu bilan birga, ushbu qarorga asosan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalari reytingini tuzish va rasman e’lon qilish; o‘quvchilarning bilim darajasini baholash bo‘yicha xalqaro dasturlar va tadqiqotlarda O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta’minlash; dunyoning yetakchi reyting tashkilotlari bilan hamkorlik qilish va milliy oliy ta’lim muassasalarining ushbu reytinglarga kirishiga har tomonlama ko‘maklashish kabi qo‘shimcha vazifalar yuklandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring