Tanlov: Tozalik posbonlarining farzandlari va nevaralarining kontrakt to‘lovi qoplab beriladi

Hududlardagi sanitar tozalash korxonalari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalik posbonlarini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovi o‘tkaziladi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 16 avgustdagi “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 514-sonli qarorida (https://lex.uz/ru/docs/6622631) belgilab qo‘yilgan.
Qarorga ko‘ra, “Tabiat uyg‘unligi himoyachisi” tanlovida sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ko‘p yillar davomida sadoqatli mehnat qilgan xodimlar qatnashishi mumkin.
Tanlovning navbatdagi bosqichi 2025 yil 1 sentyabrda boshlanib, g‘oliblar 8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida aniqlanadi va munosib taqdirlanadi. G‘oliblarning davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontrakt to‘lovi to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz: Tanlovda qatnashish uchun arizalarni Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining info@sanitation.uz elektron pochta manziliga yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi agentligi hamda Toshkent shahri va viloyatlardagi boshqarmalariga yo‘llash so‘raladi.
Bu kabi tanlovlardan ko‘zlangan maqsad avvalo inson qadrini yanada ulug‘lashdir. Shu bilan birga, uzoq yillar davomida tozalik va obodonchilik yo‘lida fidokorona xizmat qilib kelayotgan soha xodimlarini e’zozlash, ularning oila a’zolari uchun qulay imkoniyatlar yaratish barobarida farzandlarining Vatan ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qiladigan ilmli, ziyoli kadr bo‘lib yetishishiga zamin yaratishdan iborat.
Qo‘shimcha ma’lumotlar uchun: 1205/1275
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter