Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

TATUning yangi rektori boshchiligida onlayn konferensiya o‘tkazildi

TATUning yangi rektori boshchiligida onlayn konferensiya o‘tkazildi

TATUda «Ona tili – millatning ruhidir» mavzusida 5 ta hududiy filiallar professor-o‘qituvchilari ishtirokida onlayn konferensiya o‘tkazildi.

Universitet rektori Sarvar Boboxo‘jayev so‘zga chiqib: «Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demakdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Ruhsiz tana bo‘lmaganidek, tilsiz ham millat bo‘lmaydi. Millat o‘z tilini yo‘qotar ekan, o‘zi ham tanazzulga uchrashi aniq», dedi. Shuningdek, rektor barchani o‘zbek tili bayrami bilan tabrikladi. 

YuNESKO vakillarining fikricha, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir million kishi so‘zlashishi lozim. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tagina bo‘lib, o‘zbek tili ham ularning qatorida turibdi. Bugungi kunda o‘zbek tilini dunyo bo‘yicha 30 milliondan ko‘proq odam ona tili, deb biladi; ikkinchi til sifatida biladiganlar hisobiga bu son 50 millionga yetadi.

Tadbir jarayonida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, madaniyat va san’at namoyondalari, taniqli notiqlar ishtirok etishdi.

Tadbirda nafaqat o‘zbek tilining bugungi mavqei hamda ona tilimizning ravnaqi haqidagi fikrlar, shuningdek, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida o‘zbek tilining ravnaqini yanada oshirishga qaratilgan bir qancha amaliy dasturiy mahsulotlarning taqdimotlari ham bo‘lib o‘tdi.

Xususan, professor Muhammadjon Musayev boshchiligida «Maktabgacha va maktab yoshidagi bolalardagi nutq nuqsonlarini reabilitatsiyasida kompyuter dasturlaridan foydalanish» bo‘yicha yaratilgan dastur, o‘zbek tilini targ‘ib qilishda axborot texnologiyalarining o‘rni va salmog‘ini oshirish borasida TATU yosh izlanuvchisi, Informatika kafedrasi assistenti Zarif Qodirov tomonidan yaratilgan «Saxiya virtual roboti»,  texnika fanlari doktori Faxriddin Nuraliyev boshchiligida yaratilgan «O‘zbek va qoraqalpoq elektron lug‘ati» kabi amaliy loyihalar shular jumlasidandir.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring