Teledarslar 14-sentyabrdan boshlanadi

14-sentyabrdan boshlab Respublika umumta’lim maktablarida 2020/2021-o‘quv yili boshlanadi. Bunda onlayn maktab orqali barcha sinflarning darslari berib borilishi yo‘lga qo‘yilsa, an’anaviy shakldagi maktablar bosqichma-bosqich vaziyatga qarab faoliyatini tiklaydi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.
Maktablarning an’anaviy shaklda ochilishi to‘g‘risidagi qarorlar har bir maktab bo‘yicha individual tarzda ularning haqiqiy tayyorgarligi, hududdagi yohud maktabdagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, o‘qituvchilar orasida koronavirus kasalligining qayd etilishi hamda sog‘liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari ruxsatidan so‘ng qabul qilinadi.
Respublikamizdagi barcha maktablar yuqorida sanab o‘tilgan holatlardan kelib chiqib bosqichma-bosqich ochilishi ko‘zda tutilgan. An’anaviy shaklda faoliyatini boshlagan maktablar to‘g‘risidagi ma’lumot, doimiy ravishda ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlar orqali viloyat va tuman xalq ta’limi bo‘limlari tomonidan e’lon qilib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, an’anaviy shaklda faoliyatini tiklagan maktablarning o‘quvchilari maktabga borishi yoki uyda qolib ta’lim olishi faqatgina ota-onalar tomonidan belgilanishi zarur. Maktab ma’muriyati tomonidan o‘quvchilarni an’anaviy shaklga jalb qilish va ota-onaga bosim o‘tkazish taqiqlangan.
«O‘z navbatida, farzandini maktabga yubormagan ota-ona farzandini masofaviy ta’lim olishini nazorat qilishi so‘raladi», deyiladi vazirlik xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter