Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tenglikdan kenglikka. Loyiha doirasida erishilgan ikki asosiy natija ochiqlandi

Tenglikdan kenglikka. Loyiha doirasida erishilgan ikki asosiy natija ochiqlandi

Toshkentda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan «O‘zbekistonda xalqaro huquqni qo‘llash sifatini oshirish» (EQUAL) loyihasining yakuniy anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda yurtimizga tashrif buyurgan Yevropa Komissiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha bosh direktoratining Inson taraqqiyoti, migratsiya, boshqaruv va tinchlik boshqarmasi direktori Erika Gerretsen qatnashdi. Yevropalik yuqori martabali mehmonni kuni kecha Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ham qabul qilgandi.

2021 yilda boshlangan EQUAL loyihasining asosiy maqsadi – fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash orqali ijtimoiy zaif guruhlarning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini teng himoya qilishdan iboratdir.

Anjumanda qayd etilishicha, loyiha doirasida ikki muhim natijaga erishildi: O‘zbekiston fuqarolik jamiyati institutlari, ayniqsa, kamsitishlarga moyil bo‘lgan zaif guruhlar huquq hamda mexanizmlardan foydalanishi uchun zarur bilim va tajriba orttirildi; fuqarolik jamiyati bilan hamkorlikda xalqaro huquq yanada samarali tatbiq etildi.

Xalqaro yuristlar komissiyasi, «Yuksalish» harakati va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy byurosi tomonidan tashkil etilgan tadbirda xalqaro huquqni qo‘llash bo‘yicha bu kabi loyihalarni davom ettirish, erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmaslik, yangi mexanizmlarni ishlab chiqish takliflari ilgari surildi.

«Yuksalish» harakatiga ko‘ra, EQUAL loyihasi doirasida O‘zbekistonda BMT shartnomalarining bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish, O‘zbekistonda ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning samarali choralari, badiiy ijod erkinligi va boshqa madaniy huquqlarni himoya qilish mavzularida jamoatchilik muhokamalari va xalqaro konferensiyalar o‘tkazilgan.

Avval xabar berganimizdek, YeI O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 3,5 million yevrolik grant ajratgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring