Tezyurar poyezd Nukusgacha boradi
Bugun, 28-noyabr kuni Buxoro – Urganch – Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish loyihasi bo‘yicha taqdimot bilan tanishgan O‘zbekiston prezidenti loyihaning sifatli bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratdi.
«Avvalgi loyihalarda mutaxassislarimiz ancha tajriba orttirdi, chet ellik konsultantlar ham jalb etildi. Endi asosiysi — ishni sifatli bajarish. Bu yo‘lni qancha yaxshi qilsak, xalqimizga sharoit, turistlar uchun qulaylik, iqtisodiyotimizga manfaat bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Buxoro va Xorazm viloyati hokimlariga tezyurar poyezd o‘tadigan tuman va shaharlarda yo‘l bo‘yi xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.
«Temir yo‘l borgan joyga madaniyat boradi, hayot jonlanadi. Shunday ekan, bekatlar atrofida, huddi avtomobil yo‘llarida bo‘lganidek, savdo va xizmat shoxobchalarini ko‘paytirish kerak. Yana bir vazifa — temir yo‘l bo‘ylab cho‘l iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ta’sir qiladi, ham yo‘l bo‘ylariga ko‘rk bag‘ishlaydi, — dedi Prezident.
Prezidentimiz mutasaddilarga hozirgi loyihaga hamohang tarzda, Nukus shahrigacha bo‘lgan temir yo‘lni ham elektrlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus o‘rtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Tadbirda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, davlat tashkilotlari binolarida quyosh panellari o‘rnatish, aholini bu borada rag‘batlantirish masalalari bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter