«The Lancet» nashri o‘ta xavotirli raqamlarni oshkor qildi
Isroil armiyasi G‘azo sektorida urush olib borayotgan so‘nggi 9 oy davomida halok bo‘lgan falastinliklar soni 186 ming kishidan ortadi. Bu haqda Buyuk Britaniyaning «The Lancet» tibbiy jurnalida chop etilgan maqolada so‘z boradi.
Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi urushning 277-kuni qamaldagi G‘azo mintaqasida halok bo‘lganlar soni 38243 nafarga yetgani haqida xabar berdi.
«The Lancet» nashrida chop etilgan maqolaga ko‘ra esa, urush sharoiti va G‘azodagi ko‘plab binolar vayron bo‘lgani sabab Falastin sog‘liqni saqlash tashkiloti qurbonlar haqidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida olish va jamlash imkonidan mahrumdir.
Qayd etilishicha, vayronalar ostida ham 10 mingdan ziyod jasadlar qolmoqda. Shaxsi aniqlanmagan yana ko‘plab marhumlar nomi ham umumiy sanoqqa kiritilmagan.
«The Lancet» hisob-kitobiga ko‘ra, 2023 yil 7 oktyabrdan buyon davom etayotgan qirg‘inbarotda 2,4 million g‘azoliklarning 7,9 foizi halok bo‘ldi.
Maqola mualliflari xavotir bilan yozishicha, tibbiy maskanlar vayron etilgan, mintaqada mislsiz gumanitar falokat hukm surayotgan hozirgi sharoitda Isroil armiyasi bomba va o‘qlaridan halok bo‘lganlardan ko‘ra ochlik, tashnalik va turli yuqumli xastaliklardan o‘lim topganlar bir necha baravar ko‘proq bo‘ladi.
Vaziyat o‘ta qaltisligini ta’kidlagan ekspertlar G‘azo sektorida o‘t ochishni butunlay to‘xtatish va tibbiy yordam hamda insonparvarlik ko‘magi tizimini qayta yo‘lga qo‘yishga chaqirgan.
Avvalroq Buyuk Britaniyadagi Oxfam xayriya tashkiloti Isroil armiyasi tomonidan bombardimon qilinayotgan G‘azoda XXI asrdagi barcha yirik qurolli ziddiyatlardan ko‘proq o‘lim kuzatilayotganini ma’lum qilgandi.
Unga ko‘ra, Isroil harbiylari har kuni G‘azoda o‘rtacha 250 kishini o‘ldirmoqda. Bu XXI asrda Curiya (kunlik 96,5 ta o‘lim), Sudan (51,6), Iroq (50,8), Ukraina (43,9), Afg‘oniston (23,8), Yaman (15,8) kabi mamlakatlarda ro‘y bergan urushlardagi talafotlardan bir necha barobar ko‘pdir.
BMT ham G‘azoda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani haqida bong urib kelmoqda.
BMTning falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi bosh komissari Filipp Lazzariniga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida G‘azo sektorida dunyoda oxirgi to‘rt yilda kuzatilgan barcha mojarolardan ko‘proq bolalar halok bo‘lgan.
Qirg‘inning 9 oyiga kelib, 21 mingga yaqin falastinlik bolalar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter