Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Til o‘rganishda yangi davr boshlandi (video)

Bugungi shiddatli dunyoda turli millat, madaniyat va til egalari bo‘lgan dunyo ahli har qachongidan ham ko‘proq muloqotga ehtiyoj sezmoqda. Texnologiya inqilobi sabab dunyoning istalgan burchagidan turib uning boshqa bir burchagiga soniyalarda axborot uzatish imkoni mavjud. Bir necha yuz yillar ilgari bu uzatmani amalga oshirish mumkinligi insoniyat tasavvuriga sig‘mas edi.

Millisekundlar ham muhim ahamiyat kasb etadigan tezkor zamonamizda dunyo bilan hamqadam bo‘lishdagi eng muhim omil – shubhasiz, kommunikatsiya va til vositasi sanaladi. Jahon tillarini o‘rganish nafaqat muloqot imkoniyatlarini oshiradi, balki shaxsning mehnat bozoridagi muvaffaqiyatini, kognitiv qobiliyatlarini, tafakkur diapazonini ham kengaytiradi.

Til o‘rganish miya quvvatini sezilarli darajada oshiradi. Boisi, yangi til mutlaqo notanish va murakkab qoidalar, tizim va leksikaga ega bo‘ladi. Ushbu tuzilmalarni o‘zlashtirish esa inson miyasidagi hujayralarni aktivlashishiga, qo‘shimcha imkoniyatlarni kashf etishiga yordam beradi. Tilni rivojlantirishda davom etish, unda muloqot qilish kishining kognitiv va tahliliy fikrlash qobiliyatlarini rivojlantiradi.

Inson miyasi mushakka o‘xshaydi – qancha ko‘p ishlatilsa, shuncha aktivlashadi. Til o‘rganish inson miyasidan nafaqat qoidalar va lug‘at bilan tanishishni talab qiladi, balki unga bu bilimlarni eslab qolish va to‘g‘ri qo‘llash funksiyasini ham yuklaydi. Bu orqali esa miya ko‘p ishlaydi va inson xotirasi bevosita kuchayadi.

Turli tillarni bilish global mehnat bozorida qimmatli kadr bo‘lish imkoniyatini ham kengaytiradi. Shuningdek, bu ko‘nikma shaxsiy rivojlanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli chegara va to‘siqlarni bartaraf etadi. Shaxsning raqobatbardoshlik darajasini oshiradi.

Ish beruvchilar nomzod uchun eng zaruriy ko‘nikmalarni sanab o‘tganda, doimo «bir nechta tilni bilish» qobiliyatiga alohida urg‘u beradi. Ko‘pincha bu ko‘nikma nomzodning boshqa qobiliyatlari va hatto ish tajribasidanda og‘irroq tosh bosadi. Boshqacha qilib aytganda, dizayner, servis xodimi, sotuvchi yoki kichik biznes egasi bo‘ladimi – har qanday sohada ko‘p tillilik kishining professional maqsadlariga erishishida muhim o‘rin tutadi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, ikkinchi tilda qabul qilingan qarorlar shaxsning ona tilisida qabul qilinganlaridan ko‘ra ko‘proq aqlga asoslangan bo‘ladi. Ikkinchi (yoki uchinchi, to‘rtinchi va h.k.) tilda muammoni hal qilish jarayonida kishi vaziyatni to‘g‘ri baholashda zarur bo‘lgan ob’yektivlik va hissiy masofaga erishadi. Natijada, sog‘lom, neytral va tizimli fikrlash orqali aniq tanlov va to‘g‘ri qarorlar qabul qilinadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bir nechta tilda so‘zlashadigan odamlar faqat bitta tilda gapiradigan odamlarga qaraganda yaxshiroq xotira, muammolarni hal qilish, diqqatni jamlash va kreativlik qobiliyatlariga ega bo‘ladi. Ikkinchi tilni bilish yosh o‘tgani sari kognitiv pasayish ehtimolini keskin kamaytiradi.

Bundan tashqari, yangi tilni o‘rganish yangi madaniyatni o‘rganish demakdir. Dunyo tarixi va san’atining aksariyati – kitoblari, filmlari, musiqalari, badiiy asarlari va ilmiy tajribalari turli tillarda namoyon bo‘ladi. Nemis tilining nafisligiyu yapon madaniyati intrigasini, arab tilining o‘ziga xos ohangiyu, italyan tilining she’riy jozibasini, ingliz tilining bepoyonligiyu, fransuz tilining go‘zalligini – faqatgina mana shu tillarni o‘rganish orqali to‘laqonli his qilish mumkin. Shekspir klassikasini asl ingliz tilida mutolaa qilish, Neruda she’rlarini shoir ona tilisi – ispanchada o‘qish yoki Kurosavaning «Rashomon»ini haqiqiy-yaponcha versiyasida tomosha qilish – barchasi faqat til o‘rganish taqdim eta oladigan zavqdir.

Umuman, til o‘rganish orqali erishiladigan imkoniyatlar haqida soatlab gapirish mumkin. Ammo bu ko‘nikmani shakllantirish oson kechmaydi. Til o‘rganishda malakali ustoz, samarali strategiya, o‘rganilgan bilimlarni mustahkamlash birlamchi hisoblanadi. Ammo yurtimizda til o‘rgatuvchi professional kadrlar yetishmaydi. Bizda asosiy urg‘u mashhur va ommabop tillarga qaratilgan. Kadrlar ham asosan ingliz tiliga ixtisoslashgan mutaxassislar. Masalan, ispan yoki yapon tilini o‘rganishni istagan hammaga ham o‘qituvchi yetarli emas. Professional mutaxassislar esa odatda markazlarda bo‘ladi. Chekka-chekka hududlarda yashovchi aholi esa shaharga yetib borishi qiyin.

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 2022 yil noyabr oyida tashkil etilgan «Ibrat farzandlari» loyihasi xorijiy tillarini bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatishni maqsad qilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar tomonidan 13 ta til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va «0»dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilmoqda. «Ibrat farzandlari» bilan turli tillar bo‘yicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til o‘rganish imkonini yaratdi.

«Ibrat farzandlari» qisqa vaqt ichida «YouTube»da qariyb 320 mingdan ortiq o‘rganuvchiga ega bo‘ldi. Sahifada e’lon qilingan darslarning umumiy ko‘rishlar soni 12 milliondan oshdi. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida chet tilini rivojlantirish muhim va bu yo‘nalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori.

Loyiha O‘zbekistonning chekka hududlaridagi iste’dodli yoshlarga, moliyaviy tomondan imkoniyati cheklangan, lekin chet tillarini o‘rganishga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning tillar bo‘yicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

«Ibrat farzandlari»ning yana bir yaxshi tomoni — darslar bir necha yildan keyin ham o‘z aktualligini yo‘qotmaydi. Til o‘rganishni maqsad qilgan istalgan o‘quvchi YouTube’dagi onlayn darslarni istalgan vaqtda ko‘rib, o‘rganishi mumkin. Lekin, YouTube imkoniyatlari cheklangan, ushbu videoplatformada o‘rganuvchilar progressini kuzatish, ular bilan qayta aloqa qilishning iloji yo‘q.

Shu bois loyiha o‘rganuvchilariga yana-da qulaylik yaratish maqsadida «Ibrat farzandlari» loyihasi doirasida «Ibrat Academy» ilovasi ishlab chiqildi. Unda o‘rganuvchilar nafaqat videodarslar ko‘rishi, balki o‘zining til darajasini doimiy tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarini bajarishi, so‘z boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin.

O‘rganuvchi dastlab ilovani yuklab olib, unda shaxsiy profil yaratishi lozim. So‘ng o‘zi qiziqqan tiliga obuna bo‘lib, «Placement Test» orqali til bo‘yicha darajasini aniqlashi mumkin bo‘ladi. Bu orqali ilova foydalanuvchining til yuzasidan bilimiga mos darajadagi darslar va sinov-mashqlarini tavsiya etadi.

Yana bir qulay jihati, ilovani onlayn ham offlayn ham ishlatish mumkin. Ilovada tarmoqdan uzilgan holda ishlash uchun videodarsliklar, fayllar va mavzuga oid mashq materiallarini yuklab olish funksiyasi mavjud.

Shubhasiz, har qanday tilda erkinlikka erishishning yagona yo‘li – bu so‘z boyligi. Foydalanuvchining bu boradagi rivojini ta’minlash uchun «Ibrat Academy»da so‘zlar va iboralardan iborat o‘zbek tilidagi lug‘at mavjud. Lug‘atda 100 mingdan ortiq so‘z va iboralarni topish va ularni 8 turdagi mashqlar yordamida o‘rganish mumkin.

Shuningdek, ilovada respublika miqyosidagi «Peshqadamlar jadvali» ham uzluksiz ravishda berib boriladi. Eng yaxshi o‘rganuvchilar esa munosib taqdirlanadi.

Kutilmagan sovg‘alarga ega bo‘lish uchun ilovani yuklab olish, faol foydalanuvchi bo‘lish, loyihani kuzatib borish va ilovaning peshqadam o‘rganuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan yakuniy tanlovda g‘olib bo‘lish talab etiladi.

Ilovaning keyingi «update»larida sun’iy intellekt funksiyasi ham qo‘shilishi kutilmoqda. Bu ilovada har bir foydalanuvchi bilan individual yondashuvda ishlash imkonini yaratadi. Ya’ni sun’iy intellekt funksiyasi o‘rganuvchining topshiriqlarini tekshiradi, u bilan muloqot qiladi, xato va kamchiliklari yuzasidan fidbek va tavsiyalar beradi.

Ilovadan foydalanishda yosh chegarasi yo‘q. «Ibrat Academy» yordamidan barcha til ixlosmandlari sodda, samarali va eng muhimi bepul usulda o‘zbek tilida ingliz, rus, fransuz va boshqa ko‘plab tillarni o‘rgana oladi.

Bugun til o‘rganishda yangi davr boshlandi. Siz ham ushbu intellektual harakatga qo‘shiling, chunki bu loyiha dunyo madaniyatlari o‘rtasida ko‘prik yaratadi, kommunikatsiya imkoniyatlarini rivojlantiradi va barchaga dunyoning istalgan burchagida ravon muloqot qilish imkonini taqdim etadi!

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joiz, loyihadan ko‘zlangan maqsad faqat til o‘rgatish emas. Loyihadan ko‘zlangan eng asosiy maqsad – o‘zbekistonlik global liderlarni tayyorlash!

Risolat MAXSIMOVA


Mobil ilovani  Google Play va App Store’dan yuklab oling!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring