Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Timur Kapadze ob-havo, arab jamoalari va asosiy tarkib haqida gapirdi

Timur Kapadze ob-havo, arab jamoalari va asosiy tarkib haqida gapirdi

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Timur Kapadze va futbolchi Jasurbek Jaloliddinov final oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etishgan.

Timur Kapadze:

«Finalga chiqqanimizda juda xursandmiz. Ertaga oxirgi uchrashuv. Bunga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Har bir bosqich o‘ziga yarasha murakkab bo‘ldi. Biz finalga tayyormiz. Oxirgi o‘yinda ham g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Tashqi omillar ko‘p. Hozir buni o‘ylaydigan vaqt emas. Issiq havo bo‘lsa ham, maydon holati qanday bo‘lsa ham biz har taraflama ruhiy va jismoniy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bu maydonda ikkala jamoa o‘ynaydi. Inshaolloh, ertaga o‘zimizga kerakli g‘alabani qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

Raqib kuchli jamoa. Ularni o‘rganib ham chiqdik. Oxirgi o‘yinlarga milliy terma jamoasidan ham o‘yinchilar chaqirgan. Yosh masalasida ham bizdan biroz kattaroq. Umuman olganda, biz saralashda o‘ynagan jamoadan farq qiladi. Biroq bu bizga to‘sqinlik qilmaydi. Biz har bir raqibni hurmat qilamiz. Ularda ham zaif tomonlar bor. Biz ulardan foydalanib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz.

Biz har bir uchrashuvdan kerakli tajriba yig‘ib, xulosalar oldik. Arab jamoalariga qarshi o‘ynadik. Saudiya bilan avval ko‘p marotaba o‘ynaganmiz. To‘plagan tajribalarimiz bizga yordam beradi, deb o‘ylayman.

O‘zgarish haqida bir nima deya olmayman. Kim yaxshi formada bo‘lsa, o‘sha boshlang‘ich tarkibda o‘ynaydi. Ularning har biri men uchun asosiy tarkib futbolchisi. Bizning maqsadimiz aniq, kim tayyor bo‘lsa, shu o‘ynaydi. Shuningdek, zaxiradan tushadigan futbolchilar ham men uchun muhim hisoblanadi.

Har bir musobaqa biz uchun katta tajriba beradi. Terma jamoa har kuni ham yig‘ilavermaydi. Musobaqa davomida nafaqat futbolchilar, balki ishchi xodimlar ham tajriba orttirmoqdalar. Bu kabi turnirlarga mezbonlik qilish har tomonlama biz uchun foydali bo‘lmoqda».

Eslatib o‘tamiz, «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tadigan o‘yin uchun chiptalar muammosi haligacha hal bo‘lgani yo‘q, muxlislar kassadan emas, «qo‘l»dan olayotganidan norozilik bildirishmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring