Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tinchlik – har kuni quriladigan qadriyat

Tinchlik – har kuni quriladigan qadriyat

© Google

Insoniyat tarixida urushlardanda og‘ir va alamli voqea bo‘lmagan. Millat taqdiri, yurt taqdiri, inson taqdiri — barchasi urushning og‘rig‘iga botgan. Millionlab insonlar o‘z yurtlarini himoya qilish yo‘lida jonini fido qilgan, modomiki biz tinch hayotda yashayapmiz, bu — ana o‘sha jasur fidoyilarning qahramonligi va qurbonliklaridir.

Har yili 9 may kuni kelar ekan, osmonda quyosh bir oz boshqacha nur sochadi, yuraklar bir oz boshqacha uradi. Bu kun — faqat tarix emas, bugunni anglash kuni hamdir. Bu sana — faqat o‘tmishni emas, ertaning mas’uliyatini ham yodga soluvchi muqaddas oyna, millat xotirasining tirik ramzidir. “Xotira tirik ekan, millatning ruhi sog‘lom. Xotira so‘nsa, vujud g‘amga botadi.” Darhaqiqat shunday. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan millionlab askarlar — bugungi tinchligimiz poydevoriga qon, ko‘z yoshi va jasorat bilan muhr urgan qahramonlardir. Ularning hayoti — har bir erkin nafasimizda, har bir musaffo saharimizda yashab turibdi. Ular nafaqat o‘ldilar, balki erkinlikni bizga meros qilib qoldirdilar. Ularni unutish — vatanni unutishdir.

Urush na faqat qurol, balki qalb sinovidir. Ikkinchi jahon urushi — insoniyat tarixidagi eng qonli va vayronkor urushlardan biri. Bu urushda O‘zbekistondan 500 mingdan ortiq yigitlar jang maydoniga yo‘l olgan. Ular nafaqat o‘z vatanini, balki butun insoniyatning tinchligi uchun jang qildilar. Ularning ko‘pchiligi orqaga qaytmadi. Ammo ruhlari qaytdi. Xotiralari qaytdi. Ularning jasorati har bir hur bolaning qonida yuradi.

Bu urush bizga nimani o‘rgatdi? Urush o‘limning qanchalik arzon, tinchlikning qanchalik qimmat ekanini o‘rgatdi. Urush inson ruhiyatini, milliy birlikni va mustahkam irodani sinovdan o‘tkazdi. Va biz — tinch osmon ostida yurgan avlod — ana shu sinovdan o‘tganlardan ibrat olishga burchlimiz. “Urushda qurol yengmaydi, jasorat va yurak yengadi.”deydilar, bu ayni haqiqat. Aynan yurti uchun fido bo‘lganlarning xotirasining tarixga muhrlanishi ular jasoratiga qo‘yilgan haykaldek!

Bugungi kun — gullar qo‘yish, haykallar oldida suratga tushish kuni emas, balki ruhiy ziyorat kunidir. Bugun har bir farzand ota-bobolari qanday hayot kechirganini bilishi, unutmasligi, sevishi va qadrlashi kerak. Chunki: “O‘tmishni bilmagan odam — xuddi shoxsiz daraxt kabidir.”

Milliy xotiramiz — milliy istiqlolimizning qalqonidir. Jahonda tinchlik osonlik bilan yaratilgan emas. U erkaklar jasorati, ayollar sabri, bolalarning yetim ko‘z yoshi bilan bunyod etilgan. Bugun har bir maktab, har bir uy, har bir go‘dak kulishi — ana shu qurbonliklar samarasidir.

Dunyoda xar bir millatning o‘ziga xos qadriyatlari bor ammo barchaga birdek totli qadriyat borki uning nomi Tinchlik! Tinchlik – har kuni quriladigan qadriyat. Bugungi tinch hayot o‘z-o‘zidan yaratilmagan. Uni har kuni himoya qilish, har kuni anglash va saqlash kerak. Zero:

Yoshlar tinchlikning haqiqiy qadrini qiymatini bilishlari kerak. Ularning dilida “Vatan uchun xizmat qilish” g‘oyasi bor bo‘lsa, qalbida qurol emas, qalam bilan kurashish kuchiga ega bo‘lsalar, ana shunda kelajak nurli bo‘ladi. Biz tinchlikni qurol bilan emas, tafakkur, ma’rifat, axloq va milliy birlik bilan saqlaymiz. “Haqiqiy yurak — tinchlikni go‘zal so‘z va ezgu amal bilan himoya qiladi.” Bugungi yosh avlod — kechagi jasoratning mevasi, ertangi Vatanning  qimmatbaho gavharlaridir.  Ularga jang maydonlarida yozilgan tarixni uqtirmasak, kelajakni qurishlari qiyin bo‘ladi.

Har bir ota-ona farzandiga “sen bu tinchlikning  qiymatini  bil” deb  tarbiyalashi   har bir ustoz “sen elning sha’nisan” deb  ta’lim bermog‘i joiz. 

Shuning uchun har birimiz ushbu kunda  bugungi go‘zal kunlar uchun jonlarini tikib qurbon bo‘lgan bobolarimizni na faqat duo qilaylik, balki o‘ylab ko‘raylik, mulohaza yuritaylik.  Biz tinchlik uchun nimalar qilyapmiz? Biz farzandlarimizga qanday vatansevarlikni uqtiryapmiz? Biz tarixdan qanday saboq oldik?

“Xotira so‘nsa — millat soyaga aylanadi. Xotira tirik ekan — millat yashnaydi.” Urushda halok bo‘lgan minglab askarlarning jasorati, vatan uchun to‘kkan qoni, orzu-umidlari hech qachon unutilmasin. Ular biz uchun yashadi, biz esa ular uchun ma’nan yashashni davom ettiraylik. Xotirasini ulug‘lab, tinchlikni asrash — eng oliy burchimizdir!

Maxfuza Yuldasheva,

siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent,

Ma’rifat targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring