TIV sobiq rahbarining o‘g‘li yana bir yirik kompaniyani sotib oldi

Bir muddat avval O‘zbekistondagi eng nomdor qurilish kompaniyalaridan «Trest-12» AJ Davaktiv tomonidan xususiylashtirish nomi ostida sotuvga qo‘yilgan edi.
Agentlikning ma’lum qilishcha, kompaniyani «sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirgan 4 nafar xorijiy va mahalliy investorlardan arizalar qabul qilingan».
Biroq belgilangan muddatlarda Konsultant («Deloitte» konsalting kompaniyasi)ga kompaniyani sotib olish bo‘yicha 2 nafar talabgordan taklif kelib tushgan va 111 mlrd so‘m miqdoridagi eng yuqori xarid bahosini taklif qilgan «Delta Global Dynamics» MChJ savdo g‘olibi deb topildi.
Shu tariqa «Delta Global Dynamics» MChJ «Trest-12» AJ ustav kapitalidagi 51,12 foiz davlat ulushiga egalik huquqini sotib olgan.
G‘olib xaridorga 2 yil mobaynida kompaniyada mavjud ish o‘rinlarini va ishchilar sonini saqlab qolish (tabiiy sabablar bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlari bundan mustasno), amaldagi ish haqi fondi miqdorini kamaytirmaslik va jamoa shartnomasi shartlarini yomonlashtirmaslik kabi shartlar qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, «Delta Global Dynamics» MChJ 100 foizlik ulush bilan O‘zbekiston TIVning sobiq rahbari Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li – Kamilov Daniyar Abdulazizovichga tegishli hisoblanadi.
Avvalroq, uning «PETROLEUM TECHNOLOGY GROUP» krmpaniyasi «UNG Petro» MChJning 100 foiz ulushini sotib olgani haqida xabar berilgan edi.
Bundan tashqari, 2021 yilda kichik Komilovga tegishli «METROPOL GROUP» MChJ Toshkent shahridagi Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXXning «Markaziy bino»sini 210 milliard so‘mga sotib olgan.
Ma’lumot uchun, «Trest-12» AJ O‘zbekistondagi eng nomdor qurilish kompaniyalaridan biri bo‘lib, 1979 yildan buyon faoliyat olib bormoqda. Kompaniya katta qurilish loyihalarini mustaqil ravishda amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan texnikalar parkiga ega.
Trest bir necha o‘nlab muhim ob’yektlar qurilishlarini amalga oshirgan, ular orasida jamoat binolari (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va vazirliklar binolari, Milliy kutubxona, Minor masjidi va boshqalar), sanoat ob’yektlari (shu jumladan GM Powerstation zavodi), Hyatt Regency mehmonxona majmuasi, Westminster universiteti va boshqalar bor. Hozirgi vaqtda Trest 2021 va 2022-yillarga mo‘ljallangan katta qurilish ishlari buyurtmalariga ega, Xalqaro Islom markazi, Jizzax EIZda avtomobil yig‘ish zavodi, Toshkent shahridagi qator turar joy majmualari, O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi qurilishi va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter