To‘qayev «Turk dunyosi» brendini ommalashtirishni taklif qildi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev turkiy xalqlar o‘rtasidagi ittifoqni yanada mustahkamlash, tahdidlarga birgalikda kurashish davr talabi ekanini ta’kidladi. Bu haqda u bugun, 3 noyabr kuni Ostona shahrida o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitidagi nutqida gapirgan.
«Turkiy xalqlar Baykaldan Bolqon yarim oroliga qadar ulkan hududda istiqomat qiladi. Barchaga ma’lumki, turkiy tamaddun Buyuk dashtdan ibtido olgan. Turkiy davlatlar tashkiloti esa mushtarak qadriyatlarimizning vorisi sanaladi. Qozog‘iston TDTning yanada taraqqiy etishidan manfaatdor. Umumiy maqsadimiz turkiy xalqlar o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirishdir. Bu borada biz yangi «Turk dunyosi» brendini ommalashtirishimiz kerak. Shu yo‘l bilan turkiy xalqlar birdamligini mustahkamlab, ularning salohiyatini yuksaltirish mumkin», – dedi mezbon davlat rahbari.
TDTning yubiley sammitida a’zo (Qozog‘iston, O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya) va kuzatuvchi davlatlar (Vengriya, Turkmaniston) yetakchilari qatnashmoqda.
160 million aholini qamragan TDT yalpi ichki mahsuloti 1,4 trillion dollarni tashkil etmoqda. Bu yil turkiy davlatlar orasida savdo aylanmasi 22 milliard dollardan ortdi.
Qozog‘iston tomoni TDTda raislik «Turkiy davr» shiori ostida o‘tishini bildirgan. «TURKTIME» inglizcha qisqartma bo‘lib, an’analar (traditions), yaxlitlik (unification), islohotlar (reforms), bilim (knowledge), ishonch (trust), sarmoya (investments), mediatsiya (mediation) va energiya (energy) so‘zlarini anglatadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter