Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent, Samarqand va Gulistonda advokatlar pora bilan ushlandi

Toshkent, Samarqand va Gulistonda advokatlar pora bilan ushlandi

Videodan skrinshot

Toshkent, Samarqand va Guliston shaharlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 3 nafar advokatning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, deb xabar berdi DXX.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, poytaxtda faoliyat yurituvchi advokatlar hay’atining muqaddam sudlangan advokati noqonuniy tarzda 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Aniqlanishicha, u Mirobod tuman IIO FMB Tergov bo‘limi yurituvida bo‘lgan Jinoyat kodeksining 131 (qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash) va 135-moddalari (odam savdosi) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblanuvchisidan sud tizimidagi tanishlari orqali 135-moddani olib tashlab, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming dollar talab qilgan.

Samarqand shahrida esa mahalliy advokatlik firmasi advokati jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ko‘rilayotgan Jinoyat kodeksining 273-moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ayblanuvchisiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida sud idoralaridagi tanishlari orqali yordam berish evaziga 4 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shu kabi qonun buzilishi Sirdaryo viloyatida ham qayd etilib, Guliston shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati Oqoltin tumanidagi MChJ rahbaridan 450 million so‘mlik dori vositalarini olib, pulini bermay yurgan shaxslarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi idoralardagi tanishlari orqali jinoyat ishi qo‘zg‘attirib berish evaziga 1500 dollar olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda uchala advokatga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring