Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent shahriga 10 oyda 32 380 nafar fuqaro doimiy propiska qilindi

Toshkent shahriga 10 oyda 32 380 nafar fuqaro doimiy propiska qilindi

Foto: AOKA

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida «Ichki ishlar organlarida migratsiya jarayonlari va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda joriy yilning 10 oyi mobaynida Prezidentning 23 ta farmoni asosida 4951 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingani ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, 847 ming 317 nafar fuqaro biometrik pasport bilan hujjatlashtirilgan, 781 ming 376 nafar fuqaroga esa xorijga chiqish uchun biometrik pasportlar rasmiylashtirilib berilgan.

Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasiga kelishlari, ketishlari, bu yerda bo‘lishlari, tranzit o‘tishlarini nazorat qilish hamda ularga yashash guvohnomalarini rasmiylashtirib berish bo‘yicha va vaqtincha hisobga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham axborot taqdim etildi.

Jumladan, Prezidentning tegishli farmonlariga asosan, jami 56 ta davlat fuqarolariga 30 sutkagacha vizasiz O‘zbekistonga kelishlari va bu yerda bo‘lishlari, 111 ta davlat fuqarolariga respublika hududida ko‘chmas mulk sotib olish va yashash guvohnomasini olish huquqi, 76 ta davlat fuqarolariga elektron viza rasmiylashtirish, bundan tashqari «vatandosh», «investitsiya» vizalari hamda «fahriy fuqaro» guvohnomasi joriy etilgani ta’kidlandi.

«Respublikamizda chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda xorijiy investorlarga yaratilayotgan qulay sharoit va imkoniyatlar natijasida, o‘tgan 10 oy davomida jami 6 mln 997 ming 114 nafar xorijiy fuqaro respublikamizga tashrif buyurdi, — dedi Xorijiy fuqarolarni hisobga olish bo‘limi boshlig‘i Dilshodbek Murodbekov. — Xorijiy fuqaro va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga yashash guvohnomasini rasmiylashtirib berish bo‘yicha jami 3 ming 689 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shulardan 3 ming 134 tasi ijobiy ko‘rib chiqilib, yashash guvohnomalari rasmiylashtirib berilgan, qolgan 555 tasi ko‘rib chiqish jarayonida».

Hisobot davrida jami 6 ming 729 nafar chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar respublikamiz hududida bo‘lish qoidalarini buzib yashaganliklari aniqlanib, ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 225-moddasi tartibida tegishli choralar ko‘rilgan.

Matbuot anjumanida aytilishicha, joriy yilning 10 oyi davomida Toshkent shahri bo‘yicha jami 32 ming 380 nafar, Toshkent viloyati bo‘yicha 7 ming 462 nafar fuqaro doimiy propiska qilingan. Jami 173 ming 140 nafar, shundan Toshkent shahri bo‘yicha 145 ming 854 nafar, Toshkent viloyati bo‘yicha 27 ming 286 nafar fuqaro vaqtincha hisobga olingan.

Tadbirda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nodir Ziyoyev, Toshkent shahar IIBB MvaFRB boshlig‘i Qudrat Yo‘ldoshev, vazirlik matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov hamda mas’ul lavozimdagi qator mutasaddilar ishtirok etdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring