Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent so‘nggi 8 yilda yashilligini keskin yo‘qotdi (infografika)

Toshkent so‘nggi 8 yilda yashilligini keskin yo‘qotdi (infografika)

Foto: Xabar.uz

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan O‘zbekistonda shaharlarning kengayishi hamda ularning atrof-muhitga ta’siri tahlil qilindi.

Dunyoda shaharsozlikning turli modellari mavjud bo‘lib, shaharlar ikki asosiy usulda - tashqi tomonga kengayish orqali gorizontal yoki yuqoriga o‘sish orqali vertikal rivojlanadi. XIX asr oxirida Chikagoda osmono‘par binoning qurilishi yangicha me’moriy tasavvurni uyg‘otdi va rivojlanish markazida bo‘lgan shaharlarning shaklini o‘zgartirdi.

Shaharlar kengayishining 3 xil asosiy ssenariysi mavjud bo‘lib, ularga ko‘ra aholi zichligi kamayishi, o‘zgarmasligi va ortishi mumkin. Birinchi va ikkinchi ssenariylar odatda shahar hududining yon-atrofga kengayishini ifodalaydi. 3-ssenariy bo‘yicha esa shahar vertikal o‘sib, aholi zichligi ortib boradi.

Shaharlarning vertikal o‘sishi:

  • yerdan foydalanishni optimallashtirish;
  • infratuzilmalarga kiritiladigan investitsiyalarni qisqartirish;
  • shaharlar ichida sayohat vaqtini kamaytirish;
  • kishilarning bir joyda jamlanib axborot va bilim almashishini tezlashtirish;
  • yanada barqaror shahar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda yordam beradi.

Shu bilan birga, vertikal o‘sish bilimga asoslangan boshqaruv modellarini qo‘llashni talab etadi.

O‘zbekistonda 2012-2016 yillarda xonadonlar (uy) lar soni 6,6% ga o‘sgan bo‘lsa, 2017-2021 yillarda o‘sish o‘tgan 5 yillikdagidan 3 barobar ortiq (20,3%) bo‘ldi. Bu davrda uylar Samarqand, Qashqadaryo, Buxoro viloyatlari va Toshkent shahrida eng ko‘p qurilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, 2021-2022 yillarda:

Sardoba, Jondor, Peshku, Xo‘jaobod, So‘x va Bog‘dod tumanlari hamda Navoiy, Jizzax, Zarafshon, Buxoro va Andijon shaharlarida vertikal o‘sish eng yuqori bo‘lgan.

Respublikaning 77 ta tuman va shaharlarida jami foydalanishga qabul qilingan uy-joylar maydonida ko‘p xonadonli uy-joylar maydonining ulushi 30% dan kam bo‘lgan. 

Xususan, Bo‘zatov, Kegeyli, Qorao‘zak, Bo‘ston, Yangiobod, Tomdi, Oltinsoy, Mirzaobod, Sayxunobod tumanlari hamda G‘ozg‘on, Shirin va Angren shaharlarida ko‘p xonadonli uylar foydalanishga topshirilmagan.

Ijobiy jihatlari bilan bir qatorda, vertikal shaharlar infratuzilma talablari, atrof-muhitga ta’siri va yashash uchun qulaylik nuqtai nazaridan qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan:

Aksariyat hududlarning bosh rejasi ishlab chiqilmagani yoki yakuniga yetkazilmagani. Bosh rejasi bor hududlarda ham yer ajratishning rejaga zid ravishda amalga oshirilishi tartibsiz qurilishlarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, 2021 yilda respublikada 814 ta holatda bosh rejaga amal qilinmagani aniqlangan.

Qurilish ishlarining jadallashuvi natijasida yashillik darajasi 2022 yilda 2017 yildagiga nisbatan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 26%, Yakkasaroy tumanida 23%, Olmazor tumanida 33%, Mirzo Ulug‘bek tumanida 18% ga qisqargan. Bunday holatni respublikaning boshqa hududlari misolida ham kuzatish mumkin. Masalan, tahlil davrida Buxoro shahrining markaziy qismida yashillik darajasi 37% ga qisqargan.

Yashil hududlarning inson salomatligiga ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar davomida quyidagi natijalar olingan:

  • «JAMA Network Open»da chop etilgan tadqiqot natijalari hiyobonlar, jamoat bog‘lari va boshqa yashil maydonlarga keluvchilarning ruhiy salomatligi yaxshilanishini tasdiqladi. Xususan, haftasiga 3-4 marta yashil hududlarda sayr qiluvchilar bir marta yoki undan kam keluvchilarga qaraganda ruhiy salomatlik dorilaridan 33%, qon bosimi dorilaridan 36% va astma dorilaridan 26% kam foydalanishi aniqlandi.
  • nature.com saytida e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, haftada 2 soatni tabiat qo‘ynida o‘tkazish tashvish yoki depressiyadan xalos bo‘lish, yuqori qon bosimi hamda yurak kasalliklari xavfini kamaytirishda yordam beradi.
  • Shuningdek, shifokorlar ba’zi dori vositalari o‘rniga tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazishni tavsiya qilmoqda. Xususan, Yangi Zelandiyada shifokorlar 1998 yilda yashil maydonda o‘tkazish lozim bo‘lgan vaqtni belgilab bergan bo‘lsa, Yaponiyada o‘rmon havosidan nafas olish ekoterapiyaning bir shakli sifatida qo‘llanilmoqda.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring