Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent zilzilasi kuni 66 yoshini qarshilagan Rixter haqida

Toshkent zilzilasi kuni 66 yoshini qarshilagan Rixter haqida

Foto: «Geographical Magazine»

1966-yil 26-aprel. 300 ming kishini boshpanasidan judo qilgan Toshkent zilzilasini hech bir bir toshkentlik, o‘zbekistonlik unuta olmasa kerak. O‘shanda poytaxtda 1,5 million kishi yashagan.

Rasmiy ma’lumotlarda 200ga yaqin kishi jarohat olgani, 8 kishi vafot etgani aytiladi. Zilzila to‘xtovsiz davom etgani tufayli ko‘plab insonlar yurak xurujidan ham vafot etgani haqida ham ma’lumotlar yo‘q emas.

Tonggi soat 05:23 da ro‘y bergan Toshkent zilzilasi epitsentrida yer sirtidagi seysmik faollik 8 balldan oshgan (12 balli shkala bo‘yicha). O‘sha kuni ko‘plar «Rixter shkalasi» haqida birinchi marta eshitishgan.

Charlz Frensis Rixter

Charlz Frensis Rixter 1900-yilning 26-aprelida tug‘ilgan. Uning baxti mol boqib, sabzavot yetishtirishdan boshqa narsani bilmaydigan ogayolik fermer ota-onasi 1909-yilda Amerika taraqqiyoti beshiklaridan sanalmish Kaliforniyaga ko‘chib o‘tganida. Bu yerdagi maktabda Charlz fizika uchun tug‘ilganini anglab yetdi. Mexanika yoki statika emas, aynan atom fizikasi: molekulalar, atomlar, yadrolarning ko‘rinmas dunyosi hamma narsadan qiziq edi.

Maktabni bitirib, Stenford universitetida o‘qidi, ancha yosh bo‘lishiga qaramasdan doktorlik ishini yoqladi. Biroq atom fizikasi orzuligicha qolib ketdi. Uni «yo‘ldan urgan» Nobel mukofoti sovrindori Robert Milliken Charlzda boshqalar ilg‘ay olmagan talabchanlik, qat’iyat, boshlagan ishini oxirigacha yetkazish, eng muhimi, barcha narsani mustaqil bilishga intiluvchanlik xislatlarini ko‘ra bilgandi.

— Seysmik laboratoriyamda ishga o‘tmaysizmi,— deya bir kuni unga taklifini aytdi.

— Qaydam, bilishimcha, u yerda fizikaga ish yo‘q. Geologiya, geografiya nima bo‘ladi? — dedi ikkilanib Charlz.

— Nima, sizningcha bu fizikachalik qiziqmasmi? Avval boshlab ko‘ringchi, keyin ko‘ramiz, — dalda berdi Milliken.

«Bir boshlagan» Rixterni to‘xtatib bo‘lmasdi. Masalan, uning nazarida fandagi har qanday mavzuni faqat originalda o‘rganish mumkin, tarjimonga ishonib bo‘lmaydi. Shuning orqasidan ingliz tilidan tashqari yettita tilni o‘rgandi. O‘qimagan ilmiy adabiyot qolmadi hisob, qissadan hissa shu bo‘ldiki, seysmologiya nega ochilmagan qo‘riqligicha qolib ketayotganini anglaganday bo‘ldi.

1902-yilda italiyalik ruhoniy va geolog Juzeppe Merkalli taklif etgan zilzila kuchini aniqlash usuli unga umuman yoqmasdi.

Merkalli usulida yerning silkinish kuchi odamlarning qanchalik vahimaga tushishiga qarab o‘lchangan... Qulayotgan uylardan ko‘proq odam qochib qutulsa — past ball, vayronalar ostida qurbonlar soni ko‘p bo‘lsa — yuqori ball. Albatta, Rixterdek ilm odamini bunaqa yondashuv qanoatlantirmasdi.

U ishlayotgan seysmik laboratoriyaning direktori germaniyalik Beno Gutenberg edi. Ikkalasi zilzilalar haqidagi har bir xabarni diqqat bilan o‘rganishar, bu tabiiy ofatlarning sababi, qonuniyatlari, ularning zararini yumshatish yo‘llarini topishga intilishardi.

Suratda: (chapdan o‘ngga) Press, Gutenberg, Benioff va Rixter

Birgalikda 1935-yili yer tebranishlarini qayd etuvchi seysmograf asbobi ko‘rsatkichlariga asoslangan tizimni yaratishdi. Tizim logarifmik tamoyilga qurilgandi.

Charlz Rixter o‘z seysmografi bilan, 1976-yil

Bu tizimga ko‘ra, 3 balli tebranish 4 balli tebranishdan 10 baravar, 5 balli tebranishdan 100 baravar kuchsizroq, deya baholanardi. Ya’ni baholashda imkon qadar ob’yektivlikka erishilardi.

Rixter shkalasi

  • 2,0 ball — eng kuchsiz seziluvchi silkinishlar
  • 4,5 ball — kuchsiz silkinishlar, ko‘p zarar yetkazmaydi
  • 6,0 ball — o‘rtacha silkinishlar, zarari ham o‘rtacha
  • 8,5 ball — qayd etilgan eng kuchli zilzilalar.
    9,0 balldan yuqori kuchga ega yer silkinishlari mavjud emas, deb hisoblaniladi.

«Rixter shkalasi» buyuk tadqiqotchi amalga oshirgan ishlar orasida xamir uchidan patir, xolos.

52 yoshida Kaliforniya texnologiya instituti professoriga aylandi. 1958-yili oddiy va tushunarli tilda yozilgan birinchi o‘quv qo‘llanmasi — «Elementar seysmologiya»ni nashrdan chiqardi. Universitetlar talabalari hamon shu qo‘llanma bo‘yicha o‘qitiladi. Qizig‘i, seysmologiya sohasiga ulkan hissa qo‘shgan Rixter hech qachon ilmiy jurnallarda chop etilmagan.

Charlz Rixter butun umr qurilish normalarini kuchaytirish uchun kurashdi. Masalan, uning taklifi bilan binolar loyihalaridan tashqi fasadlarga o‘rnatiladigan, hech foydasi tegmaydigan ko‘p tonnali qoplamalar olib tashlanishi boshlangan. Albatta, doim ham unga quloq tutishmagan, biroq juda ko‘plab insonlarning zilzilalarda omon qolishida bir paytlar Rixter ishlab chiqqan g‘oyalar, takliflarning xizmati beqiyos.

Rixterning zilzila yuz berishi ehtimoli ko‘zda tutilgan hududlarni oldindan belgilash usuli hamon seysmologlar tomonidan qo‘llaniladi. Albatta, keyinchalik zilzilani yanada aniqroq o‘lchash bo‘yicha takliflar, g‘oyalar amaliyotga olib kirildi, juda ko‘plab olimlarning xizmatlari bor. Biroq xuddi Rentgen, Amper, Volt, Selsiy singari olimlar qatorida Rixter nomi ham fanda atamaga aylanib ulgurdi.

Uzoq umr kechirgan Charlz Frensis Rixter 1985-yilning 30-sentyabrida vafot etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring