Toshkentda shifoxonalarga «order» qilib beradigan guruh qo‘lga olindi

Ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlarda Toshkent shahridagi tuman tibbiyot birlashmalarida ishlayotgan «ishonchli» tanishlari yordamida poytaxtdagi har qanday shifoxonaga 1,5 – 2 mln so‘m evaziga davolanish uchun imtiyozli yo‘llanma (order) tayyorlab berishini muntazam e’lon qilib kelgan fuqaro G.M. va uning sheriklari fosh qilindi.
SSVning ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi tomonidan joriy yil 12 avgustda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilib, ushbu fuqaro, uning sheriklari va bir necha tibbiyot xodimlari qo‘lga olindi.
O‘rganish jarayonida G.M.ning sherigi, fuqaro M.Q.ning yonida M.G.ga tegishli yo‘llanma borligi aniqlangan. Ayni chog‘da Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasida davolanish uchun beriladigan orderlar ham topilgan.
Yo‘llanmani rasmiylashtirish maqsadida laborator va instrumental tahlil va bemor tibbiy kartasidan ko‘chirmalarga Shayxontohur tumanidagi oilaviy poliklinikalarning birida ishlayotgan shifokorlarning imzosi va muassasa muhri qo‘yilgan.
Holat yuzasidan o‘tkazilayotgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida poytaxtimizdagi oilaviy poliklinika va boshqa muassasalar mas’ul shaxslaridan hamda tibbiyot xodimlaridan tushuntirish xatlari olingan.
Hozirgi paytda mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish hamda dastlabki tergov harakatlari olib borish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter