Toshkentdagi mudhish qotillik jinoyati ochildi

Toshkent shahrida mudhish voqea sodir bo‘ldi. Oilaviy muammo sabab ota o‘g‘lining qotiliga aylandi. Ish ikki yil o‘tib ochildi va qotilga hukm o‘qiladi. Bu haqda Oliy sud bosh konsultanti Akrom Aripovning maqolasida so‘z boradi.
2018 yil 27 avgust. Ichib olgan Mirpo‘lat (ismlar o‘zgartirilgan) uyga kelib uyquga ketadi. Ishdan kelgan ota esa uning yotishini ko‘rib g‘ashlanadi.
Ota uni sudragancha hovliga olib chiqadi. Chindan ham ko‘p ichganidanmi, bola shunda ham uyg‘onmaydi. Ota hovlida yotgan ketmon dastasini olib uning to‘g‘ri kelgan joylariga bor vajohati, kuchi bilan ura ketadi. Salgina ingroq tovushini eshitib, jahldan tushish, biroz o‘ziga kelish uchun hammomga kirgan Mirahmad yuz-qo‘lini yuvib chiqadi. Biroq, qarshisida yotgan bolasi emas, yuz yillik dushmanidek yana ko‘ziga vajohat to‘ladi va boshqa bir ketmon dastasini olib qilmishini davom ettiradi. Charchab, holdan toyguncha, balki xumordan chiqqunicha do‘pposlab uyiga kirib ketadi. Bu paytda Mirpo‘lat qonga botib borardi.
28 avgust tongida ota o‘g‘lining qo‘llarini kelib ushladi. U bolasini o‘ldirib qo‘ygandi.
Yigirma yoshga to‘lgan navqiron yigit shu tariqa juvonmarg bo‘lgandi.
Mirahmad murdani yo‘qotishga ahd qiladi va uyining yerto‘lasiga ikki soatlar mobaynida chuqur kovlab bitiradi. O‘zi yotgan uyning devoriga qoqilgan qizil duxobani olib chiqib mayitni o‘rarkan, uni yerto‘laga sudrab kirib ko‘mib tashlaydi.
Oradan bir-bir yarim oy o‘tarkan, yerto‘ladan kelayotgan badbo‘y hid hovlini tuta boshlaydi. Bu eshikdan kirgan har qanday kishini shubhaga solishi mumkinligini o‘ylagan Mirahmad yana bir ishni reja qiladi. U yerto‘lani qalin qilib sementlab ikki kun elektr pechi bilan quritadi va uyida boqayotgan quyonlarini shu yerga olib kelib qamaydi.
Bu oilada turmushga chiqib ketgan qiz ham bor edi. U IIBga borib, akasining yo‘qolganligi, otasidan shubhasi borligi haqida ariza qiladi.
Mirahmadni IIBga chaqirishadi. O‘sha kuni 2019 yil oktyabr oyining o‘rtalari edi. Mirahmad yerto‘ladagi sementni ko‘chirib u yerdan o‘g‘lining jasadini kavlab oladi. O‘ralgan duxoba allaqachon chirib ketgan, mayit ham bir ahvolda bo‘lgani bois qisilib qolgan oyoqlarining to‘pig‘idan pasti uzilib tushib qoladi. Murdani tomga olib chiqib yashirgan ota yerto‘lani tekislayotib uzilib qolgan barmoq, suyaklarni ko‘rib qoladi va ularni ham bir sellofan xaltaga solib chiqadi.
Selofandagi bo‘laklarni ko‘chaga, chiqindi tashlanadigan joyga olib borib qo‘yadi.
Tomiga yashirgan o‘g‘lining jasadi bir kun uni oshkor qilishidan cho‘chirkan, 2020 yil 14 fevral kuni yarim tunda turib uni qo‘shnining tomiga olib chiqib yashiradi.
Qing‘ir ishning qiyig‘i albatta chiqadi. 21 fevral kuni qo‘shni tomidan topilgan jasad jinoyatni fosh etadi.
Sud qotilni uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter