Toshkentdan Qozog‘istonga yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda

O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro yo‘nalishlardagi avtobuslar qatnovi yana bittaga ko‘paydi. Bugun Qozog‘istonning Turkiston shahridan yo‘lga chiqqan avtobus Toshkent avtovokzaliga yetib keldi. Shunday qilib qo‘shni Qozog‘iston Respublikasiga yo‘lga qo‘yilgan muntazam xalqaro avtobus yo‘nalishlari soni 6 taga yetdi. «Toshkent- Chimkent» (yanvar oyidan), «Toshkent-Olmaota»(aprel oyidan), «Toshkent-Qizilo‘rda»(iyul oyidan), «Nukus- Ushkunur»(avgust oyidan), «Chirchiq- Ushkunur»(14 noyabrdan) yo‘nalishlarida amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
«Turkiston – Toshkent – Turkiston xalqaro avtobus yo‘nalishi masofasi 335 km bo‘lib, yo‘nalishga sarflanadigan vaqt 6 soat 40 daqiqani tashkil etadi. Yo‘nalish harakat jadvali bo‘yicha Qozog‘iston Respublikasining «Jibek joli» va O‘zbekiston Respublikasining «G‘isht ko‘prik chegara maskanlari orqali o‘tiladi. Mazkur xalqaro avtobus yo‘nalishida O‘zbekiston tomondan «O‘zavtotrans servis» MChJ va Qozog‘iston Respublikasi tomonidan «Baqdaulet Servis» kompaniyasi faoliyat ko‘rsatadi.
Ushbu yo‘nalishda qatnovlarni har kuni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Yo‘nalish bo‘yicha yo‘l xaqi tarifi O‘zbekiston Respublikasi pul birligida 50 000 so‘m, Qozog‘iston pul birligida 2000 tenge etib belgilangan.
Ayni damda O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan xalqaro avtobus yo‘nalishlarida avtobuslar harakati jadvaliga rioya etish maqsadida chegara va bojxona nazorat punktlaridan o‘tish jarayoni ustuvor tartibda amalga oshiriladi. Bu esa yo‘lovchilar uchun muhim va ahamiyatli hollardan biridir. Yo‘lovchilar chegara va bojxona nazorat punkti tekshiruvidan o‘tish uchun 30 daqiqadan vaqt ajratilgan.
Yo‘nalishga chiqayotgan har bir avtobus jiddiy texnik ko‘rikdan, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Avtobuslarning sanitar holati ham nazorat ostida. Qolaversa, ushbu avtobuslar GPS navigatsiya tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu avtotransport vositasini to‘liq nazorat etish imkonini beradi. Mazkur yo‘nalishlarda eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy avtobuslarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter