Toshkentning to‘rtta tumanida elektr uzilib qoldi
Toshkent shahridagi yirik podstansiyalardan birida yuzaga kelgan texnik nosozlik sababli poytaxtning bir nechta tumanlarida elektr energiyasi ta’minotida vaqtinchalik uzilishlar kuzatildi.
Ayni paytda maxsus brigadalar avariya oqibatlarini bartaraf etish ustida ish olib bormoqda. Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari korxonasining ma’lum qilishicha, bugun soat 20:45 da «Yuksak» podstansiyasidan chiquvchi L-O‘-Y 110 kV kuchlanishli 1 va 2-elektr uzatish tarmoqlarida texnik nosozlik yuzaga kelgan.
Ushbu favqulodda holat oqibatida «Yurtim» va «Bunyodkor» podstansiyalari orqali energiya bilan ta’minlanuvchi ayrim hududlarda, xususan, Mirobod, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlarining ba’zi iste’molchilarida elektr ta’minoti vaqtincha cheklandi.
Elektr tokining kutilmaganda o‘chishi oqibatida Yakkasaroy tumanidagi istirohat bog‘laridan birida joylashgan attraksionlar harakatdan to‘xtagan. Mas’ul xizmatlarning tezkor harakati bilan attraksionlarda bo‘lgan fuqarolar xavfsiz tarzda pastga tushirilgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q va vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
Tiklash ishlari qanday bormoqda?
Mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan tezkor qayta ulash ishlari natijasida 220/110/10 kV kuchlanishli «Ozodlik» podstansiyasi orqali Chilonzor va Uchtepa tumanlaridagi iste’molchilarning elektr ta’minoti bosqichma-bosqich qayta tiklandi. Ayni vaqtda maxsus tuzilgan ishchi guruh va ta’mirlash brigadalari voqea joyida faoliyat olib bormoqda. Qolgan hududlarda ham elektr ta’minotini to‘liq tiklash va iste’molchilarni imkon qadar zaxira manbalariga ulash choralari ko‘rilmoqda.
«Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali yuzaga kelgan noqulayliklar uchun poytaxt aholisi va iste’molchilardan uzr so‘radi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter