«Nayrangi qirq eshakka yuk bo‘ladi» — Tracker narxi 285 mlngacha, Onix esa 230 mlngacha oshirildi
Bugundan «UzAuto Motors» «yangilangan» tamg‘asi ostida Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarining ayrim komplektatsiyalari uchun shartnoma berishni boshladi.
Narxlar oshirilmasligini bildirgan kompaniya «yangilangan» komplektatsiyalar uchun sezilarli darajada oshirilgan narxlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, «Chevrolet Tracker» 285 834 080 so‘mgacha, «Chevrolet Onix» 230 624 800 so‘mgacha belgilangan.
Monopol kompaniya «Onix»ning arzon modellerini sotuvdan olib tashlagani ham ma’lum bo‘ldi.
«Monopolist UzAuto Motors’ning nayranglari qirq eshakka yuk bo‘ladi. Shaytonga dars beradi, lekin ommaga doim o‘zini farishta ko‘rsatishga urinadi.
Ertadan go‘yoki "odoljeniye" qilib Onix uchun narxlarni oshirmay kontraktatsiyani tiklayotgan monopolist shu bahonada 149 mln. so‘mdan 159 mln. so‘mgacha bo‘lgan eng arzon mexanika korobka, shuningdek, 185 mln. so‘mlik bazaviy avtomat korobka modifikatsiyalarini kontraktatsiya ro‘yxatidan butkul olib tashlamoqda.
O‘tgan yili noyabrda Onix uchun sotuvlar boshlanganida mazkur, nisbatan arzon modifikatsiyalar uchun shartnoma topish o‘ta mushkul bo‘lsa-da, imkonli edi. 2023-yil yanvarida Onix’ning arzon modellari uchun kontraktatsiya yopilgani bo‘yicha qayta tiklanmadi. Mana endi esa rasman, de-yure bekor bo‘lmoqda.
Monopolistning o‘rta va quyi daromadli iste’molchilarni jazolashga va xo‘rlashga qaratilgan bu usuli ilgariroq Spark va Neksiya-3 sotuvlarida ham qo‘llanilgan», — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.
Boshqa bir iqtisodchi esa shartnomaga chiqarilgan «hamyonbop» modellarni olish uchun bir yil kutish kerakligiga e’tibor qaratgan.
«Siz UzAuto‘dan eng «hamyonbop» avtomobilni qariyb bir yildan keyin — 2024 yil fevralining oxirida olasiz. Va agar shartnomada yetkazib berish muddatini uzaytirish haqida band borligini eslasangiz, uni bir yildan keyin olaman deb hisoblayvering.
Ushbu sxemani kim ishlab chiqqanini bilmayman — lekin siz daholarsiz, hech kim 0% ga aylanma mablag‘ni jalb qilishning bunday usulini o‘ylab topmagan», deb yozadi Kurbanoff.net kanali muallifi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UzAuto Motors narxlar oshirilishini rad etib chiqqandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter