Tramp Alkatras qamoqxonasini qayta ochishga qaror qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Alkatras orolidagi o‘ta xavfli jinoyatchilar uchun qamoqxona qayta ochilishini ma’lum qildi.
«Avvallari – biz jiddiyroq davlat bo‘lganimizda, eng xavfli jinoyatchilarni ular zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan odamlardan uzoqlashtirishdan – qamoqxonalarga tashlashdan hech qanday xijolat tortmasdik. Aslida shunday bo‘lishi ham kerak», – deb yozgan Tramp Truth Social tarmog‘idagi sahifasida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u qamoqxonalar byurosiga «Amerikaning eng shafqatsiz jinoyatchi va retsidivistlarini joylashtirish uchun» Alkatrasni qayta ochish va ta’mirlashni buyurgan. Biroq post e’lon qilinganidan keyin Tramp Oq uyda jurnalistlarga Alkatrasni ochish «bu shunchaki g‘oya» ekanini aytgan.
AQSh Kongressi vakillar palatasi vakili va sobiq spikeri, demokrat Nensi Pelosi Trampning Alkatras borasidagi gaplarini «jiddiy emas» deb atadi. Xususan, u Alkatras bir necha o‘n yillar davomida mashhur sayyohlik maskani bo‘lib kelganini eslatdi.
Eslatib o‘tamiz, Alkatras qamoqxonasi 1963-yil 21-martda yopilgan. Rasmiy versiyaga ko‘ra, qamoqxona yopilishiga orolda mahbuslarni saqlash xarajatlari juda yuqoriligi sabab bo‘lgan. O‘sha paytda qamoqxonani ta’mirlash uchun taxminan 3-5 million dollarga teng mablag‘ zarur bo‘lgan. Bundan tashqari, mahbuslarni orolda saqlash uchun zarur mahsulotlarni muntazam ravishda orolga tashib keltirish qimatga tushgan.
Yopilgandan so‘ng, oroldan foydalanishning ko‘plab versiyalari sinab ko‘rilgan. 1969-71 yillarda esa turli qabilalardan bo‘lgan bir guruh hindular orolga ko‘chib o‘tib yashashdi. Orol 1973-yilda sayyohlar uchun ochilgan va hozirda har yili millionga yaqin tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter