Tramp Putinning so‘zini yerda qoldirmadi

General Kellog Trampning avvalgi prezidentligida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi lavozimida ham ishlagan.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogni urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralardan chetlatdi.
NBC manbalariga ko‘ra, bunga Kremlning so‘rovi sabab bo‘lgan. Prezident Vladimir Putinga Kit Kellogning «ukrainparast kayfiyatda» ekani ma’qul kelmagan.
«Kellog – sobiq amerikalik general, Ukrainaga o‘ta yaqin. U bizbop toifadagi, bizga ma’qul «kalibr»dagi odam emas», – degan rossiyalik amaldor NBC muxbiriga.
AQSh prezidentining Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili Kellog yaqinda Saudiya Arabistonida tashkil etilgan Rossiya va Ukraina delegatsiyasi bilan uchrashuvlarda qatnashmagan. Holbuki, mazkur ikki davlat bilan munosabatlar uning asosiy vakolat doirasiga kiradi.
Kecha, 13 mart kuni Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Moskvaga kelib Putin bilan uchrashgan.
Avval xabar berganimizdek, Saudiya Arabistonida kechgan AQSh rasmiylari bilan muzokaralar yakunida Ukraina harbiy harakatlarda 30 kunlik tanaffusga rozilik bildirgandi.
30 kunlik tanaffus tashabbusiga munosabat bildirgan Putin Moskva Kiyev bilan otashkesim o‘rnatish tarafdori ekani, ammo buning muayyan nozik jihatlari borligini urg‘ulagan va yakuniy pozitsiyasini bildirishdan tiyilgan.
Moskvada Putin bilan uchrashgan Stiv Uitkoff bu borada Rossiya rahbariyatining aniq fikrlarini tinglagan. Hozircha muzokara tafsilotlari ochiqlanmadi. DW xabariga ko‘ra, Vashington Rossiya va Ukraina urushini to‘xtatish istiqboliga «ehtiyotkor optimizm» bilan qaramoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Putinni manipulyasiyada ayblagan.
«U (30 kunlik tanaffus tashabbusiga) rad javobini hozirlamoqda. Putin albatta Trampga urushni davom ettirish va ukrainaliklarni o‘ldirish niyatida ekanini aytishdan qo‘rqadi. Shu bois moskvadagilar tashaffus g‘oyasiga shunday shartlarni ilgari surishmoqchiki, toki u yoki umuman amalga oshmasin, yoki uni ro‘yobga chiqarish ortga surilsin», – degan Ukraina rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter