Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Trampni yana sudga berishdi

Trampni yana sudga berishdi

Foto: AP

AQShdagi nufuzli ta’lim maskanlaridan biri Harvard universiteti prezident Donald Tramp ma’muriyati ustidan sudga da’vo arizasi kiritdi. Universitet rahbariyati fikricha, Oq uyning bir necha milliardlik grantni muzlatishi noqonuniy hisoblanadi va bu harakat bilan hukumat ta’lim maskanining akademik erkinligini tahdid ostiga qo‘ymoqda.

Da’vo arizasini Boston federal sudi ko‘rib chiqadi.

Avval xabar berganimizdek, Harvard universiteti prezident Trampning talablarini bajarishdan bosh tortgani ortidan Oq uy ma’muriyati mazkur universitetni 2,2 mlrd dollar miqdoridagi federal grantlardan mahrum qilgandi.

Ma’lumki, so‘nggi bir yarim yil mobaynida AQShdagi ko‘plab universitetlar qatori Harvard universitetida ham G‘azo sektoridagi urushga qarshi ko‘plab norozilik namoyishlari o‘tkazildi.

Namoyishchi talabalar Falastin davlati tuzilishiga imkon berish, Isroilning G‘azodagi xunrezligini to‘xtatish, shuningdek, Vashingtondan yahudiy davlatini bir tomonlama qo‘llab-quvvatlashni bas qilish kabi talablarni ilgari surganlar.

Tramp joriy yil 20-yanvar kuni prezidentlik lavozimiga kirishgach, aksilisroil namoyishlari o‘tkazilgan universitetlarga bosimni kuchaytirdi. Oq uy ma’muriyati ularni yahudiylar huquqini buzish va antisemitizmda aybladi.

Jumladan, 11-aprel kuni Oq uy mulozimlari tomonidan Harvard universiteti rahbariyatiga yo‘llangan maktubda ijtimoiy faol talabalarning ta’sirini kamaytirish, xodimlarni ishga qabul qilishda ularning irqi, jinsi, e’tiqodi va mamlakatini inobatga olishni bas qilish, «amerikancha qadriyatlarga dushmanlarcha kayfiyatdagi» talabalarni o‘qishga qabul qilmaslik, xodimlar va talabalarning qarashlari hamda o‘quv dasturlari yuzasidan audit o‘tkazish kabi talablar qo‘yilgan edi.

Harvard rahbariyati ushbu talablarni akademik erkinlikka tahdid sifatida rad etgan.

The Wall Street Journal nashri yozishicha, Oq uy Harvard universitetini sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi yana bir milliard dollar grantdan mahrum qilishi mumkin. Universitet ma’muriyati esa pul emas, balki ta’lim maskanining mustaqilligi va qonuniy haq-huquqlari birlamchi ekani haqida bayonot bergan. 

Trampning keskin farmonlari ortidan so‘nggi oylarda uning ma’muriyati ustidan turli instansiyadagi sudlarga da’vo arizalari kiritilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring