Turdimov uylantirib qo‘yishni va’da bergan etikdo‘z oila qurdi
Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Ishtixon tumanida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda fuqaro Oybek Madatovning murojaatini eshitib, unga nogironlik aravachasi va sigir beradi. Shuningdek, poyabzal ustaxonasi qurib berib, uyini ham ta’mirlattiradi.
O‘sha uchrashuvda viloyat hokimi Oybek Madatovni hatto uylantirib qo‘yishga ham va’da bergandi.
Aslida, ushbu fuqaro hokimga nogironlik aravachasi berilmayotgani haqida mas’ul shaxslar ustidan shikoyat qilib kelgandi. Erkinjon Turdimov «Iya, hozir beramizda aravani», deya mas’ullarga «aravang bormi?», deb savol beradi. Hokim ijtimoiy himoya sohasi vakillaridan birini chaqirib, «ko‘z oldimda o‘tkaz aravaga, olib kelib qo‘ysang bo‘lmaydimi 2−3 ta arava, hozir ber», deydi.
Hokim yangi poyabzal ustaxonasi qurib, ichini aslahalar bilan to‘ldirib berilishini aytganda, Oybek Madatov «hokim buva, meni hijolat qilib yuboryapsiz», deydi Turdimovga.
Viloyat rahbari undan «xotining bormi? Qachon uylanasan?», deb so‘raydi. «Nasib bo‘lgan vaqtda uylanamizda», deya javob qaytardi Oybek Madatov. Hokim biryo‘la uni uylantirishini aytadi. «E, qo‘ying-e hokim buva, o‘zimni qornimni zo‘rg‘a to‘yg‘izaman, xotinimni qanday boqaman», deya javob beradi fuqaro. «To‘xtab tur, kallani qotirma» deydi hokim va mas’ulni tayinlab, «siz bunga qiz topasiz» deydi...
Shu tarzda Oybek Madatov ham aravachali, ham ishli bo‘ldi. Uyi ta’mirlanib, bir sigirli bo‘ldi. Yaqinda esa oila qurib, uylandi ham!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter