Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Turk ayollaridan yashashni o‘rgandim!»

«Turk ayollaridan yashashni o‘rgandim!»

ru.freepik.com

Gulnorani Bursada yashovchi turk oilasi «Chichek» («gul» ma’nosida) deb chaqiradi. U 14 yildan beri Turkiyada: 6 yil Izmirda, 3 yil Adanada ishladi, 5 yildan beri esa bursalik Fatma xonimning to‘rt kishilik oilasida xizmatchilik qilmoqda.

 – Turkiyaga kelganimda 25 yoshli sodda, uy ishlaridan boshqa hech narsa qo‘lidan kelmaydigan bir qishloq ayoli edim. Erim vafot etgach, 2 qizim bilan otamning uyiga keldim, chunki qaynonam rahmatli erimdan so‘ng uyda qolishimni xohlamadi. «Voris tug‘mading, qiz – birovning xasmi,  qizlaringni chiqarganingda yordam beramiz», – dedi.

Otam, onam va ikki akam oilalari bilan qisinib yashaydigan uyda yashay boshladim. Ishlay desam, ish yo‘q. Maktab-bog‘chalarda farroshlikka ishga kiray desam, 300 dollar pora so‘radi, oylik qancha deb so‘rasam, 700 ming so‘m deyishdi. Bu pul uchun ertadan-kechgacha ishlasam ham, qizlarimni tuzukroq boqolmasdim. Xolam qudasining jiyanini daraklab berdi, erga tegmagan 35 yoshlardagi bu ayol Turkiyada kampirga qararkan. Shu kuniyoq gaplashdi. «Kelaversin, Izmirda o‘zim kutib olaman. Ish ham topib beraman», debdi. Yosh bolalarimni onamga tashlab, qarz olib, Izmirga ketdim. Nasiba opa (xolamning qarindoshi) meni Izmirda kutib oldi, bir oilaga olib borib tanishtirdi. O‘sha yerda ish boshladim...

O‘z qishlog‘idan tashqariga chiqmagan Gulnora butunlay boshqa sharoitga moslashguncha ancha qiynaldi. Uy ishlari bilan birga ovqat pishirish, ro‘zg‘or yuritishni shu yerda – xonadon egasi Melek ablasidan (abla – opa ma’nosida) o‘rgandi. 86 yoshdagi bu ayol yolg‘iz o‘zi yashardi. Gulnora bu kampirning farzandlari, o‘rtoqlari, qarindosh-urug‘ining oldida o‘zini tutishi, o‘z shaxsi va qadriga hurmati, irodasiga hayron qolar, umrida ilk bor ko‘rayotgandi bunday ayollarni. Uning oilasi, qolaversa, qishlog‘idagi tanish-bilishi, qarindosh-urug‘lari orasidagi o‘zi biladigan ayollarning ba’zilari sahardan to tun yarmigacha tinmay ishlar, farzandlari, eridan tashqari yana qaynona-qaynota, qaynopa, qayinsingil, qaynog‘alarining ham xizmatlarini qilishardi, ular orasida eridan tez-tez kaltak yeb turadiganlariyam bor edi va bularning barchasi shunchalar odatiy ediki, qishloqda hech bir ayol boshqacha yashash mumkinligi haqida bilmasdi ham...

– Melek ablaning oila-a’zolari, qarindoshlari, dugonalari, xullas, bu xonadonga keladigan har bir kishi menga hurmat bilan munosabatda bo‘ldi. Men sekin-asta turli ovqatlar pishirishni, uy jihozlaridan foydalanib, hamma joyni sarishta qilishni o‘rgandim. Bu yerga kelishdan avval kir mashinani eshitgan bo‘lsam ham, ishlatishni bilmasdim. Bundan tashqari, Melek abla o‘tirsa-tursa menga ayol qanday bo‘lishi kerakligi, nimalarga e’tibor berishi, atrofdagilar bilan munosabat qurishni, o‘zi uchun qanday yashashi kerakligini uqtirardi. Men o‘zgardim, hozir butunlay boshqa ayolman. Turkiyaga kelib, yangidan tug‘ildim.

Gulnora kabilar turk ayollarini ayollik timsoli deb biladi. Buning uchun turk ayollarida  go‘zallik ham, aql ham, g‘urur ham, o‘z-o‘zini sevish ham bor... Turk qizlari o‘zini eng kamida malika deb hisoblaydi. Menimcha, bu xislat turk ayollarida go‘daklikdan shakllanadi. Ular bolalariga g‘amxo‘r ona, yaxshi uy bekasi, qo‘ligul oshpaz, sovuqqon, rashkchi, moddiylikni har narsadan ustun qo‘yuvchi qattiqqo‘l va o‘ziga tegishli bo‘lganlarni birov bilan baham ko‘rmaydigan ayollardir.

Gulnora so‘zini davom ettiradi:

– Farzandlarimga kelsam, ular haliyam onamning yonida. Avvallari har oyda ular uchun topadigan pulimning hammasi – 700 dollarni jo‘natardim. Onam pullarimni to‘plab, avval katta akamga, so‘ngra kichigiga alohida uy qilib chiqardi. So‘ngra har oy 200 dollardan jo‘natadigan bo‘ldim. Onam so‘ragandi, hozir ishim oz dedim. Qolgan pullarimni Turkiyadagi bankda yig‘a boshladim. Melek ablaning uyida 6 yil ishladim, xonim olamdan o‘tgach, Adanaga ketdim. U yerda 2 ta oilada ishladim, unchalik tinch oilalar emasdi. So‘ngra Nasiba opam meni Istanbulga chaqirdi, oyligi ham yaxshi ekan, u yerga ketdim. Bu orada yetarlicha pul to‘plab, Andijon shahridan kreditga uy oldim. Hozir unda qizlarim bilan birga onam yashayapti. Qizlarimni oliy o‘quv yurtlarida o‘qityapman. Ikkalasi ham kontraktda. Uyning krediti, qizlarning o‘qishi, seplari – topgan pullarim shularga ketyapti. Bir yilda bir marta Andijonga boramanu, 20 kundan keyin yana Turkiyaga, ishimga qaytaman.

Gulnoraning qizlari uzatiladigan yoshda. Uning aytishicha qizlarini hayotiga aralashmaydigan xonadonlarga uzatmoqchi. «Men shuncha yil ularning hayoti yaxshi bo‘lsin deb qattiq ishladim, o‘z hayotimni qurishni o‘ylamadim. Ikki qizim baxtli bo‘lishini istayman», – deydi Gulnora.

Aslidachi ham shundaymi? Turk ayollari yuqorida Gulnora menga ta’riflaganidekmi? Yoki baxtli bo‘lishning shartlari boshqachami? Turkiyada bir muddat bo‘lgan inson sifatida ayta olamanki turk ayollarining aksariyati o‘zbek ayollariga nisbatan mustaqilroq, moddiylashganroq, desam xato bo‘lmas. Ular turmush qurishga shoshilishmaydi. Turkiyada qizlar 25-30 yosh orasida oila qurishga ahd qilishmoqda. Asosiy xarajatlarni kuyov tomon qiladi. Bundan tashqari, Turkiyaning ko‘plab hududlarida «boshliq porasi» (qiz uchun beriladigan qalin puli) hamon saqlanib qolgan. Ko‘pchilik turk qizlari turmushga chiqqach, karera qilishni istashmaydi va erining topadigan puli bilan ro‘zg‘or tebratishni afzal ko‘rishadi.

Istanbullik Denizxonimni ancha yildan beri bilaman. U ziyoli va o‘qimishli xonadon vakilasi.

 – Afsuski, ko‘pchilik zamonaviy qizlarimiz turmushga chiqqandan keyin ilm-fan yo‘lida olib borgan muvaffaqiyatlarini unutib yo yarim yo‘lda tashlab, uy bekasi bo‘lishni afzal ko‘rishmoqda. Bu mamlakat kelajagi uchun ham tahlikalidir, chunki bizga ayol shifokorlar, o‘qituvchilar, olimalar, tadbirkorlar kerak. Menimcha, turk qizlariga g‘oyaviy ilm bermog‘imiz shart. Qizlarimizga kichikligidan usmoniylar harami, kanizaklar haqida emas, mard va jasur To‘maris kabi hur ajdodlarimiz to‘g‘risida hikoyalar so‘zlab beraylikki, boshqalarning o‘zlariga ehtiyoj va uy xizmatchisi sifatida qarashlariga ruxsat bermasinlar. Qizlarimizga, eng avvalo, ularning inson ekani, o‘tmishda yashab o‘tgan ulug‘vor malikalar, qirolichalar, kuchda tengsiz ayol sarkardalar bo‘lganini va zamonamiz qizlari ham ajdodlari kabi aqli va farosati bilan ulug‘ ishlarni amalga oshira olishini uqtiraylik. Har qanday buyuk sarkardaning yonida hamisha aqlli va jasur turk ayoli turgan. Ularning nafaqat go‘zalligi, shuningdek, aqlu zakovati, hushyorligi, adolati ham tillarda doston bo‘lgan.

Gulnora bilan Andijonda tasodifan tanishib qolgandik. O‘shanda qizlarini olib, parkka kelishgan ekan. Biz suhbatlashgunimizcha uning bir-biridan chiroyli qizlari yon o‘rindiqda bizlarni kutib turishdi. Soddagina kiyingan, ko‘rinishidan og‘ir-vazmin bu ayolning ko‘zlarida shijoat, o‘ziga ishongan ayol matonati aks etib turardi.

– Bu safar Andijonda bir oydan ko‘proq qoldim, chunki onam kasal bo‘lib qoldi. Uni doktorga qaratdim, hozir kasalxonada. Qizlarimni yolg‘iz tashlab ketgim kelmadi. Ikki hafta bo‘lib qoldi, izmirlik rahmatli Melek ablaning eng kichik qizi qo‘ng‘iroq qildi – ular bilan haligacha salom-alik qilib turamiz – o‘g‘liga Nilufarimni (katta qizim) so‘radi. 30 yoshli Alini kichikligidan bilaman..

Keyingi haftada Gulnoranikiga Turkiyadan sovchilar kelar ekan. Ular Gulnoraning katta qizini unashtirib qaytishmoqchi va shundan keyin mamlakatlariga qaytib, ikki yoshning nikoh bilan bog‘liq ishlarini hal etishmoqchi. Shu yildan Turkiyada kuchga kirgan nikoh tuzish bo‘yicha yangi qonunlarga ko‘ra, Ali va Nilufarning oila qurish uchun imkonlari yetarli emas. Qonunga ko‘ra, avval Nilufarga ishchi vizasi tayyorlashlari kerak bo‘ladi. So‘ngra bank ishlari, hujjatlar va hokazo. Ammo bu ishlar tugaguncha Gulnora onasini to‘yga rozilik berishga ko‘ndirmoqchi. Chunki Nilufarning buvisi nevarasining o‘z yurtida qolishini istaydi.

Onalarning o‘z qizlari, ularning baxtu saodati uchun kurashishi tahsinga loyiq. O‘z hayoti, qiyinchiliklari, sabru bardoshi ustiga qizi uchun shohona baxt qasri qurib berishni barcha ona birdek istasa kerak, albatta. Ammo voyaga yetgan qizlarimizning o‘z orzulari-chi? Ulardan bu haqda so‘raldimi, hech bo‘lmasa, bunga imkon berildimi? Gulnora Turkiyada ekanligida zo‘ravonlik qurboni bo‘layotgan yuzlab turk ayollari haqida eshitgan, hech bo‘lmasa, televizor orqali ko‘rgandir. Birgina 2024 yili 424 nafar turk ayollari o‘z erlari tomonidan o‘ldirildi. Albatta, bu kabi voqealar har yurtda bo‘lishi mumkin. Ammo yurting bog‘larida senga tanish bo‘lgan har tosh, har giyoh, yuzlaridan kimligi ko‘rinib turgan o‘zbekistonliklar bizga takror va takror vatanni eslataveradi. Bu bog‘da esa vijdonli, bir so‘zli mard yigitlar ham bisyor ekaniga ishonchim komil.

 

                                               Sabohat RAHMON, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring