Turkiyada afsonaviy shoh Midas davriga tegishli qabr topildi

Turkiyada arxeologlar muhim kashfiyot qilishdi: ko‘hna Gordion shahrida miloddan avvalgi VIII asrga oid shohlar oilasiga aloqador qabr topildi. Bu haqda Anadolu Ajansı xabar berdi.
Topilma afsonaviy shoh Midasning (yunon afsonalariga ko‘ra, u nimani ushlasa oltinga aylanib qolgan) qarindoshiga tegishli bo‘lishi mumkin.
Anqara janubi-g‘arbida joylashgan Gordion Frigiya podshohligi (mil. avv. 1200–675-yillar) poytaxti bo‘lgan.
Kashf etilgan qo‘rg‘onning balandligi 8 metr, diametri 60 metr bo‘lib, ushbu hududda aniqlangan 47-topilmadir. O‘lchami 3,1×2,8 metrli qadimgi qabrda o‘tda kuydirilgan jasad qoldiqlari, o‘nlab noyob artefaktlar: bronza qozonlar, xumlar va boshqalar topilgan.
Ayniqsa, krematsiyalash olimlarda qiziqish uyg‘otdi, chunki bu Gordionda miloddan avvalgi VIII asrga oid topilgan yagona namuna.
«Dafn odatlari bu yerda oddiy odam ko‘milmaganini ko‘rsatmoqda», — dedi arxeolog Yujel Shenyurt.
Olimlarning taxminicha, qabr shoh Gordiy oilasi a’zosiniki yoki hatto Midasniki bo‘lishi mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter