Turkiyada saylov uchastkalarida uch kishi halok bo‘ldi

Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlari vaqtida uch kishi saylov uchastkalarida halok bo‘ldi. Bu haqda «TRT Haber» telekanali xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyaning Rize viloyatida saylov komissiyasi xodimi 64 yoshli Sheref Kurt yurak xurujiga uchrab, shifoxonada vafot etgan.
«Parlament saylovlarida saylov uchastkasi xodimi bo‘lgan Sheref Kurt xizmat vazifasini bajarayotganda yurak xurujiga uchradi. Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot guruhlari unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdi. U Qachqaro davlat shifoxonasiga yetkazilgan. Biroq uni qutqarib bo‘lmadi», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Trabzonning Aqchaobod tumanidagi Derejik tumanida 75 yoshli Aysel Ulusoy qarindoshlari bilan birga 1093-sonli saylov uchastkasiga borgan. U ovoz berish kabinasiga kirib, o‘zini noqulay his qilib, hushini yo‘qotgan. Shifokorlar u yurak xurujidan vafot etganini ma’lum qilgan.
Uchinchi holat Trabzon yaqinidagi Giresun viloyatida yuz bergan. U yerda 85 yoshli saylovchi saylov qutisi yonida hushidan ketgan. Shifokorlar yordamiga qaramay, u vafot etgan.
Ma’lumot uchun, kecha, 14 may kuni Turkiyada parlament saylovlari bilan birga prezidentlik saylovlari ham bo‘lib o‘tdi. Prezidentlik saylovida nomzodlarning hech biri 50 foizdan yuqori ovoz to‘play olmadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter