Turkiyadagi dahshatli zilzilada algoritm ishlamagan: oradan ikki yil o‘tib Google xatosiga iqror bo‘ldi

Google kompaniyasi uning xatosi tufayli Turkiyada 2023-yilda 10 millionga yaqin odam kuchli zilzila haqida ogohlantirish olmaganiga iqror bo‘ldi.
Agar xatolik yuz bermaganida va tizim to‘g‘ri ishlaganida odamlar qutulish uchun qo‘shimcha 30 soniya vaqtga ega bo‘lardi.
Android operatsion tizimli smartfonlarga o‘rnatiluvchi Android Earthquake Alerts (AEA) tizimi yer osti silkinishlari haqida oldindan xabar berishga mo‘ljallangan. Biroq 2023 yil 6 fevralida Turkiyadagi vayronkor zilzila chog‘i bu tizim pand berdi. Tunda shoshilinch ogohlantirish — Take Action («Chora ko‘ring») o‘rniga, Be Aware («Hushyor bo‘ling») xabari jo‘natilgan.
Ikki ogohlik xabari mutlaqo farqlanadi: Take Action juda baland signal bilan boradi, hatto uxlayotgan odamni uyg‘otadi, Be Aware — unday emas. Bundan tashqari, «Bezovta qilmang» rejimi yoqilgan smartfonlar Be Aware singari o‘ta shoshilinch bo‘lmagan xabarlarni aks ettirmaydi.
Google iqroriga ko‘ra, yuqorida tilga olingan xatolik sababli qariyb 10 mln kishi zarur xabarni olmagan.
AEA tizimi smartfonlardagi akselerometrlar hisobiga ishlaydi. Agar qurilma zilzilaga xos silkinishlarni qayd etsa, signalni geolokatsiya bilan qo‘shib serverga jo‘natadi. Algoritmlar minglab smartfonlardan kelgan ma’lumotlarni tahlil qilib, yer osti silkinishlari mavjudligini va ularning kuchini aniqlaydi.

Turkiyadagi fojiali tunda tizim yer osti silkinishlarini qayd etgan, ammo ularning kuchiga to‘g‘ri baho bermagan: 7,8 magnitudali birinchi zilzila 4,5–4,9 balli deya baholangan. Shuning uchun foydalanuvchilarga Take Action o‘rniga kuchsizroq ogohlik signali jo‘natilgan.
BBC ma’lumotiga ko‘ra, Take Action signali faqat 8 158 ta smartfonga yuborilgan, Be Aware esa — taxminan to‘rt millonta qurilmaga yetib borgan. Ikkinchi kuchli zilzilani ham tizim kam ahamiyatli deya qayd etgan.

Foto: EPA
Agar xabar to‘g‘ri jo‘natilganida edi, millionlab odamlarda binolarni tark etish yoki xavfsiz joylarga qochish uchun qo‘shimcha 30 soniya atrofida vaqt bo‘lardi. Eslatib o‘tamiz, Turkiyadagi 2023 yilgi zilzila qurbonlari soni 55 ming nafardan oshgan, qariyb 100 ming kishi jarohatlangan. Tabiiy ofat qo‘shni Suriyaga ham katta talafot yetkazgan.
Ma’lumot o‘rnida: Google tadqiqotchilariga ko‘ra, o‘tkazilgan tahlillar tizimning ishlashini sezilarli tarzda yaxshiladi — AEA tizimi ishlayotgan mamlakatlar soni 98 taga yetgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter