Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkmaniston ordeni rasmiyatchilik emas, balki O‘zbekistonning mintaqadagi e’tirofi – Sherzod Asadov

Turkmaniston ordeni rasmiyatchilik emas, balki O‘zbekistonning mintaqadagi e’tirofi – Sherzod Asadov

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMTning Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida ishtirok etish uchun Kaspiy bo‘yidagi Avazaga amaliy tashrifi O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining o‘ziga xosligini yana bir bor tasdiqladi.

2017 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk davlat tashrifini Turkmanistonga amalga oshirgani bejiz emas. O‘tgan yillar mobaynida davlatimiz rahbari, Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar butunlay yangi darajaga ko‘tarildi. Bugun O‘zbekiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoda chinakam yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikning yorqin namunasidir.

BMT konferensiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning «Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» ordeni bilan taqdirlangani ham ikki davlat o‘rtasidagi hurmatning yuksak darajasini anglatadi.

Darvoqe, so‘nggi yillarda Prezidentimiz qo‘shni va dunyodagi yetakchi davlatlarning bir qator nufuzli mukofotlariga sazovor bo‘ldi. Qozog‘istonning «Oltin qiran» va «Do‘stlik», Qirg‘izistonning «Danaker», Tojikistonning «Zarrintoj», Rossiyaning Aleksandr Nevskiy, Fransiya Faxriy legioni, Turkiyaning «Respublika» ordenlari, Turkiy dunyoning oliy ordeni, MDH faxriy nishoni, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining faxriy nishoni va boshqalar shular jumlasidan.

Albatta, bu mukofotlarning har biri faqatgina Prezident Shavkat Mirziyoyevning faoliyatiga berilgan baho emas. Ularning ortida davlatimiz rahbarining hamkasblari, hamkor mamlakatlar yetakchilari bilan birgalikdagi samarali mehnati turadi. Ana shunday hamjihatlik tufayli Markaziy Osiyo bugun raqobat emas, balki hamkorlik makoniga aylanib borayotganida ularning ham xizmatlari beqiyos.

Umuman olganda, bu mukofotlar O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatda ishonchli, mas’uliyatli va tashabbuskor hamkor sifatidagi mavqei mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi. Ayni paytda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashqi siyosat strategiyasi balandparvoz bayonotlarga emas, balki aniq amaliy harakatlarga: o‘zaro kelishuvlar, qo‘shma loyihalar, ochiq chegaralar, yangi transport yo‘laklari va muloqot maydonlariga tayanadi. Bularning barchasi – xalqimiz hayotini yaxshilash va farovonligini yukslatirish uchun.

Shu nuqtai nazardan, Turkmaniston ordenining berilishi rasmiyatchilik emas, balki O‘zbekistonning mintaqada barqarorlik va hamkorlikni ta’minlashdagi faol va konstruktiv pozitsiyasining e’tirofidir. Bu shunchaki mukofot emas, balki global beqarorlik, ishonch taqchilligi va xatarlar fonida O‘zbekiston va uning hamkorlari mintaqada yaratayotgan barqaror muhit katta qadriyatga aylanayotganiga ishora. Ana shu barqarorlikni kim ta’minlayotgan bo‘lsa, uning mehnati munosib e’tirofga loyiq.

Tashrifning yana bir ta’sirli lahzasi Arqadag‘ Turkmanistonda shakllangan protokol tartib-qoidalaridan chetga chiqib, Prezidentimizni aeroportda shaxsan kuzatib qo‘ygani bo‘ldi. Bu o‘zaro hurmatga asoslangan samimiy va do‘stona munosabatlarning, xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam qardoshlik rishtalarining bebaho namunasidir.

Sherzod Asadov
Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamentining rahbari –
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi

Manba: t.me

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring