Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkmanistonda o‘zbek telekanallari efiri to‘xtatilgani yuzasidan axborot berildi

Turkmanistonda o‘zbek telekanallari efiri to‘xtatilgani yuzasidan axborot berildi

Bugun, 20 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarda «Turkmanistonda O‘zbekiston telekanallarining efiri to‘xtatib qo‘yildi» sarlavhasi ostida tarqalgan xabar yuzasidan «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasi axborot berdi.

Turkmanistonning «Turkmennews» axborot nashri xabariga asoslanib tarqatilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yil 10 fevraldan O‘zbekistonning bir qator telekanallari Turkmanistonning «TurkmenAlem 52E» nomli sun’iy yo‘ldoshidan efirga uzatilishi to‘xtatib qo‘yilganligi, bunga sabab etib «Sevimli» telekanalida uzatilayotgan Amerikaning «Olti arvoh» filmi bilan bog‘liq masalalar bo‘lishi mumkinligi taxmin qilib ko‘rsatilgan.

Bugungi kunda «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasi tomonidan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi buyurtmasiga asosan, 12 ta televideniye va 4 ta radioeshittirish («O‘zbekiston», «O‘zbekiston 24», «Yoshlar», «Toshkent», «Sport», «Navo», «Dunyo bo‘ylab», «Madaniyat va ma’rifat», «Bolajon», «Kinoteatr», «Oilaviy», «Mahalla» telekanallari hamda «O‘zbekiston», «O‘zbekiston 24», «Yoshlar», «Mahalla» radiokanallari) O‘zbekiston Respublikasi hududiga efir orqali uzatish bilan birgalikda, sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali ham ochiq ko‘rinishda uzatib berilmoqda. Buning uchun shartnoma asosida, orbitaning 57-daraja sharqiy uzunligida joylashgan «SES» kompaniyasining «NSS-12» nomli sun’iy yo‘ldoshi xizmatlaridan foydalanilmoqda.

Ushbu televideniye va radioeshittirish dasturlarini «NSS-12» sun’iy yo‘ldoshi orqali 11 587,9195 MGts chastotada, nafaqat O‘zbekiston hududida, balki 40 dan ortiq chet mamlakatlar, shu jumladan Turkmaniston Respublikasi hududida ham ko‘rish hamda tinglash imkoniyati mavjud.

2019 yilning 9 noyabr kuni «Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasida Turkmanistonning sun’iy yo‘ldosh aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Turkmen Xamresi » OAJ mutaxassislari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish imkoniyatlari, raqamli televideniye dasturlarini sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i orqali uzatish masalalari muhokama etilgan. Shuningdek, «Turkmen Xamresi» OAJ tomonidan «TurkmenAlem 52E» sun’iy yo‘ldoshi orqali O‘zbekiston telekanallarini uzatish xizmatlari taklif etilgan.

«Turkmen Xamresi » OAJ rahbariyati tashabbusi bilan, «TurkmenAlem » sun’iy yo‘ldoshi orqali o‘zbek telekanallarini uzatib ko‘rish va shu orqali uzatiladigan teledasturlar qamrovi hududini, xizmatlar sifatini namoyish etish maqsadida, «NSS-12» sun’iy yo‘ldoshidan O‘zbekiston telekanallari signalini qabul qilib, vaqtinchalik parallel ravishda Turkmanistonnning «TurkmenAlem 52Ye» sun’iy yo‘ldoshi orqali ham uzatib berish taklifi bildirilgan. Shunga asosan, «Turkmen Xamresi » OAJ tomonidan 2019 yilning dekabridan joriy yilning fevral oyiga qadar Turkmanistonnning «TurkmenAlem 52E» sun’iy yo‘ldoshi orqali sinov tariqasida O‘zbekiston telekanallari uzatilib, qamrov hududini, qabul qilinayotgan signal parametrlarini o‘rganish ishlari amalga oshirilgan. Bunda O‘zbekiston teleradiokompaniyasining yuqorida ko‘rsatilgan 12 televideniye va 4 radioeshittirish dasturlari tarqatilgan.

Ushbu o‘rinda «Sevimli» nodavlat telekanali dasturlari sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i orqali uzatilmasligi hamda uning faoliyati Turkmanistonning «TurkmenAlem 52Ye» sun’iy yo‘ldoshi orqali sinov tariqasida O‘zbekiston telekanallarini uzatish va to‘xtatish ishlariga daxldor emasligini e’tirof etish lozim.

«Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi» davlat unitar korxonasi jurnalist va blogerlardan xabarlarni tarqatishdan oldin vaziyatni chuqur o‘rganishni, xulosalar qilishga shoshilmaslikni va jurnalist professional etikasiga rioya etishlarinini so‘rab qoladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring