Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tuya suti kundalik ehtiyojga aylanishi kutilyapti

Tuya suti kundalik ehtiyojga aylanishi kutilyapti

Foto: Crispy news

Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, jahonda tuya suti savdo hajmi 10 baravar oshib, 2030-yil arafasida 13 mlrd dollarga yetishi mumkin (2022-yilda 1,3 mlrd edi). Saudiya Arabistoni, BAA, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston kabi mamlakatlarda tuya suti iste’moli kundalik ehtiyojga aylangan, deyiladi xabarda.

Buyuk Britaniyada ham tuya suti, sigir suti bilan yonma-yon, iste’molchilar ro‘yxatidan joy olishi mumkin, dedi Oksford universiteti doktori Ariel Axern. Chunki G‘arb mamlakatlarida ham tuyachilik fermalari paydo bo‘lyapti. Masalan, AQShdagi eng yirik ferma Missuri shtatining tog‘li qismida joylashgan bo‘lib, 200 dan ziyod tuya boqilmoqda.

Sayyoramiz iqlimining o‘zgarayotgani yashash uchun sharoitlarni tobora qiyinlashtirmoqda. Havo harorati keskin ko‘tarilib ketgan va oziq-ovqat xavfsizligiga katta bosim tushgan mintaqalarda qoramolchilik yo‘qolib ketishi mumkin. Tuyalar esa chidamli.

Mo‘’tadil iqlimga moslashgan qoramollarga qaraganda, tuyalar issiqqa ham, qurg‘oqchilikka ham bardoshli. Ularni boqish xarajatlari ham o‘zini qoplab ketadi.

Boqishga sarflanadigan suv va yem-xashakni go‘sht va sut mahsulotlariga aylantirish samaradorligi tuyalarda qoramollarga nisbatan yuqori. Tuyadan bir litr sut olish uchun nisbatan ancha kam yemish va suv sarflanadi. 2022-yilda o‘tkazilgan tadqiqotlar ko‘rsatishicha, ekologik vaziyat murakkablashib borayotgan sharoitda Afrikaning Sahroi Kabirdan janubiy qismida qoramollarni tuyalar va echkilarga almashtirish samara beradi. Natijada sut ishlab chiqarish hajman oshib, suv va yem-xashakka talab kamayadi.

Tuya suti tarkibida sigir sutiga qaraganda S vitamini va temir moddasi ko‘pligi aniqlangan. Hatto laktozaga bardoshsiz odamlar ham tuya sutini ichishlari mumkin. Uning takibida yog‘ miqdori oz. Qondagi qand miqdorini ozaytiradi, diabetga chalinganlarning insulinga sezuvchanligini yaxshilaydi, immunitet uchun foydali moddalarga boy, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring