Uka opasiga jigarini berdi
8 soat davom etgan operatsiyada qo‘shrabotlik 48 yoshli bemor ayolga o‘z ukasining jigari ko‘chirib o‘tkazildi, deb xabar bermoqda SSV.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida Turkiyaning Istanbul shahridagi «Medical Park» tibbiyot markazi mutaxassislari bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi amaliyoti o‘tkazildi.
Bemor Saida Nurmurodova – 48 yoshda. Qo‘shrabot tumanidan. Bundan 3 yil avval unga og‘ir xastalik — jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Shundan so‘ng vaqti-vaqti bilan konservativ muolajalar olib kelgan.
Biroq davo choralari kutilgan natija bermagach, ushbu universitet klinikasi mutaxassislariga murojaat qilgan. Kasallik terminal bosqichga o‘tgani sababli uni hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida jigar ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng bemorning 1977 yilda tug‘ilgan ukasi Asliddin Alimov jigarining bir bo‘lagini ko‘chirib o‘tkazish uchun barcha ko‘rsatkichlar mos kelgan.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida bajarilgan operatsiya 8 soat davom etdi. Hozir bemor hamda donorning ahvoli yaxshi. Ularning har ikkalasi shifokorlar tomonidan tibbiy nazoratga olingan va kerakli tibbiy muolajalar davom ettirilmoqda.
Rejaga ko‘ra, turk mutaxassislari bilan imzolangan memorandum doirasida mazkur klinikada yaqin kelajakda yiliga 50 ga yaqin jigar transplantatsiyasi amaliyotini bajarish imkoniyati yaratiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter