Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ukraina milliy banki noxush ma’lumotni oshkor etdi

Ukraina milliy banki noxush ma’lumotni oshkor etdi

Ukraina Milliy banki 2024-yil aprel oyi uchun inflyasiya hisobotini e’lon qildi, unda so‘nggi ikki yil ichida mamlakatda 15 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishchi kuchi soni chorak qismdan ko‘proqqa (25 foiz) qisqargani aytiladi. Bank bunga sabab muhojirlar oqimi va Ukrainada bo‘layotgan safarbarlik bilan bog‘liq deb hisoblaydi.

«Ushbu qisqarishning deyarli yarmi tashqi muhojirlarning mehnat resurslarini tark etishi bilan bog‘liq. Mobilizatsiya, demografik yo‘qotishlar va okkupatsiya (Rossiya egallab olgan hududlar nazarda tutilmoqda) ham muhim rol o‘ynadi», — deyiladi Milliy bank hisobotida. Ukrainaning barcha hududlarida ishchi kuchining qisqarishi kuzatildi, biroq u jangovar harakatlar faol bo‘lgan hududlarda ko‘proq sezildi.

16-aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy safarbarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Mamlakat hukumati Ukrainadan tashqarida harbiy xizmatga majbur bo‘lgan erkaklarga ichki va xorijiy pasportlarni berishni taqiqladi. 23 apreldan boshlab harbiy yoshdagi ukrainaliklarga nisbatan barcha konsullik harakatlari to‘xtatildi.

Oxirgi ikki yil davomida ukrainalik qochqinlar yashab kelayotgan bir qator Yevropa davlatlari Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlab, harbiy yoshdagi qochqinlarni o‘z vatanlariga qaytarishga ko‘ngilli yordam berishga qaror qildi. Litva mudofaa vaziri Laurinas Kaschiunas Ukraina hukumatiga mamlakatni tark etgan erkaklarni qaytarishda yordam berish zarurligini ma’lum qildi. Uning polshalik hamkasbi Vladislav Kosiniak-Kamish ham xuddi shunday tashabbus bilan chiqdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina nazoratidagi hududlarda hozirda qariyb 30 million kishidan ortiq aholi yashamoqda. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring